«The New York Times» Buxoroni – 2025-yilda tashrif buyurishga arziydigan shaharlar qatoriga kiritdi

    Amerikaning yetakchi nashri «The New York Times» Buxoro shahrini 2025-yilda tashrif buyurishga arziydigan 52 ta eng yaxshi joy ro‘yxatiga kiritdi. Nashr Buyuk ipak yo‘lidagi muhim nuqta bo‘lgan ushbu qadimiy shaharga e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

    Maqolada 2025-yil kuzda Buxoroda birinchi marotaba zamonaviy san’atni o‘zida namoyon etadigan Buxoro biennalesi bo‘lib o‘tishi qayd etilgan. 5-sentyabrdan 20-noyabrgacha bo‘lib o‘tadigan tadbirda jahonning mashhur rassomlari, jumladan, britaniyalik haykaltarosh Entoni Gormli va boshqa taniqli ustalarning asarlari namoyish etiladi.

    Biennale shaharning tarixiy markazida, bir necha asrlardan beri mavjud bo‘lgan karvonsaroylar, diniy maktablar va islom madaniyatining boshqa me'moriy durdonalar o‘rtasida o‘tkaziladi, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

    Bundan tashqari, «The New York Times» gazetasi o‘z o‘quvchilariga o‘tgan yili parvoz qila boshlagan «Silk Avia» va «Air Samarkand» milliy aviakompaniyalari tufayli O‘zbekiston bo‘ylab sayohat ancha osonlashganini qayd etgan.