Innovatsion rivojlanish vazirligi yoshlarning g'oyalarini qo'llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishga ko'maklashish maqsadida “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonini o'tkazib kelyapti. Marafonning bu yilgi tadbirlari ham ko'plab iqtidorli yoshlarning loyihalarini yanada mukammallashtirish va rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etdi. O'nlab iste'dod egalari kashf etildi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti katta o'qituvchisi, leytenant Oybek Dexqonov taqdim etgan “Dastlabki tibbiy ma'lumotlarni avtomatlashtirilgan o'lchov tizimi” marafon ishtirokchilari e'tiborini tortdi.

— Harbiylar yil davomida ikki marta tibbiy tekshiruvdan o'tadi. Tabiiyki, bu jarayon ancha-muncha vaqt talab qiladi. CHunki har bir ko'rik alohida tibbiy uskunalar orqali amalga oshiriladi. Biz ixtiro qilgan yangi avlod mashinasi bir nechta vazifani o'z ichiga olib, vaqt tejamkorligini ta'minlash va harbiylarning jismoniy holatida o'zgarishlar yuzaga kelishining oldini olishga xizmat qiladi, — deydi Oybek Dehqonov.

Tizim qanday ishlaydi?

Dastlab ushbu tizimga oddiy vazifalar, ya'ni sensor orqali vazn va bo'y ko'rsatkichlarini aniqlashni yo'lga qo'ydik. Keyinchalik yanada takomillashtirish maqsadida qolgan funktsiyalar ham kiritildi. Jumladan, suratga olish, tana harorati va bo'y uzunligi kabi ma'lumotlarga sensor orqali aniqlik kiritish mumkin. Uskunaning eng asosiy vazifalaridan biri oyoq yassiligini bilishdir. Harbiy sohaga qabul qilinadigan askarlarda bu ko'rsatkich alohida e'tiborga olinadi. SHuningdek, tana vazni indeksini bilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tana vazni indeksi nima?

Bu indeks shaxsning vaznini aniqlaydi. Oddiy qilib aytadigan bo'lsak, semizlik darajasini belgilaydi. Harbiy qism va muassasalarda harbiy xizmatchilarning tana vaznini nazorat qilish muhim. SHu asosda har oy tibbiy monitoring olib boriladi.

Bundan tashqari, avtomatlashtirilgan tizim ko'krak qafasi kengligi, bosh va oyoq kiyim o'lchovlarini aniqlashga ham ko'maklashadi. Barcha ko'rsatkichlar umumiy ma'lumotlar bazasiga yig'iladi. Natijasi esa yuqori qo'mondonlikka yuboriladi. Qizig'i, harbiylar formasi buyurtmasi asosida tayyorlanadigan ust-bosh kiyimlarning o'lchovi va ularning statistikasi (liboslar soni) haqida ham to'liq ma'lumotga ega bo'lish mumkin.

Afzallik jihati

Tizimning eng asosiy afzalligi shundaki, harbiy xizmatga nomzodlarni saralab olish jarayonida qabul jarayoni shaffofligini ta'minlashga va korruptsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Harbiy xizmatga qabul qilinadigan nomzodlarning dastlabki tibbiy ma'lumotlarini avtomatlashtirilgan tizim qisqa vaqt ichida aniqlaydi. Bu esa oltindan qimmat vaqt sarfini kamaytiradi. Tizim olingan barcha tibbiy ma'lumotlarni elektron ma'lumotlar bazasiga yuklaydi. Ularni monitoring qilishda katta yordam beradi.

Avtomatlashtirilgan tizim inson tanasi, qon bosimini o'lchash va yurak urishi ritmini aniqlash kabi vazifalarni bajarishi uchun hozir qurilma ustida ish olib bormoqdamiz. SHundagina mukammal darajada to'laqonli funktsiyalarga ega bo'ladi.

Aziza ASLANOVA,

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi

matbuot kotibi