Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun poytaxtimizdagi bir qator tibbiyot muassasalariga uyushtirilgan press-tur asnosida bu yaqqol ko'zga tashlandi. Xususan, sohaga qaratilgan e'tibordan mamnun tibbiyot xodimlarining minnatdorligi-yu, og'ir xastalikdan ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatsiz oyoqqa turayotgan yurtdoshlarimizning ko'zlaridagi sevinch yoshlari raqamlarning bo'rttirilmaganini tasdiqlaydi.

Keyingi yillarda yurtimizda sog'liqni saqlash sohasidagi yangilanishlar tizimdagi barcha yo'nalishlarni qamrab olmoqda. Jumladan,  tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli — birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tizimini yanada takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar zamirida ham xalqimiz roziligiga erishish maqsadi mujassam.

Sog'liqni saqlash vazirligi tashkil etgan press-turning dastlabki manzili Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo'ldi. OAV vakillari bu erdagi shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.

Avvalo, aytish joizki, shoshilinch tibbiy yordam tizimi sog'liqni saqlash sohasidagi eng yirik va o'ta kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilmadir. Birgina o'tgan yilda ushbu tizim muassasalariga 13 milliondan ziyod bemor murojaat qilgan. Ulardan 10,5 millionga yaqini tez tibbiy yordamning “103” xizmati bo'yicha, 2,5 millionga yaqini statsionar tuzilmalarga murojaat qilgan. Shu yilning 11 oyi mobaynida esa, umumiy murojaatlar soni 10 milliondan oshdi. 2,5 milliondan ziyod bemorga statsionar muassasalarda yordam ko'rsatildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning filiallari va subfiliallarida yiliga 217 mingdan ortiq bemorda statsionar sharoitda murakkab jarrohlik amaliyoti o'tkaziladi. Bundan tashqari, yana 268,1 mingdan ortiq yurtdoshimiz ambulator amaliyotni boshdan kechiradi.

— Davolashning samaradorligi ko'p jihatdan zamonaviy tibbiy asbob- uskunalarga bog'liq, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov. — Ushbu muammoning echimi sifatida 2018 - yili Jahon banki va Rivojlanish xalqaro assotsiatsiyasining rasmiy vakillari bilan “O'zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarini takomillashtirish” kredit loyihasi bo'yicha 100  million AQSH dollari qiymatidagi bitim imzolandi. Shundan 40 million AQSH dollari qiymatidagi rentgenologik ul`tratovushli, jonlantirish va jarrohlik, endoskopik va laparoskopik uskunalar, boshqa tibbiyot jihozlari xarid qilindi. Bu ishlar yana davom etadi.

Shoshilinch tibbiy xizmat tizimidagi islohotlar turli xastaliklardan erta vafot etishning oldini olishga xizmat qildi. Keyingi yillarda turli zamonaviy tibbiy texnika vositalari bilan jihozlangan ilmiy markaz va uning filiallarida turli murakkab jarrohlik amaliyotlari o'tkaziladigan bo'ldi.

Diagnostika va davolash jarayoniga qator innovasion usul va tashkiliy echimlar tatbiq qilinmoqda. Xususan, umurtqa pog'onasining nostabil sinishi tufayli o'lim va chuqur nogironlik ko'rsatkichlari 40-50 foizni tashkil etardi. Ammo Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining barcha filiallarida umurtqalarning nostabil sinishini xirurgik davolashning zamonaviy usullari tatbiq qilingach, yuqoridagi ko'rsatkich sezilarli darajada kamaydi. Bundan tashqari, ilgari markazlarda tos-son bo'g'inini endoprotezlash amaliyoti son suyagi sinishining o'tkir davrida o'tkazilmas edi. Bugun ana shu amaliyotlar ish jarayonida qo'llanyapti. Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib bosh miya qon tomirlari nuqsonlarini diagnostika qilish va xirurgik davolashning eng zamonaviy, yuqori texnologik usullari hamda operatsiyalari o'tkaziladigan bo'ldi. Ularning 98 foizi ishlab turgan yurakda bajariladi.

Eng quvonarli yangiliklardan biri — ilgari yurtimizda buyrak va jigar etishmovchiligida organ transplantatsiyasi amaliyoti o'tkazilmasdi. Buning natijasida ko'plab yurtdoshlarimiz erta vafot etar yoki katta mablag' evaziga xorijiy mamlakatlarda operatsiya qildirishiga to'g'ri kelardi. Ayni paytda esa, bu murakkab amaliyotlar yurtimizda ham bajarilmoqda.

Bugungi kunda mazkur muassasada mutaxassislar tayyorlashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Yaqinda Turkiyadan 4 nafar mutaxassis jigar ko'chirib o'tkazishni o'rganib qaytdi. Hozir haftasiga kamida ikki marta buyrak transplantatsiyasi o'tkazilmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining 75 o'ringa ega 5 qavatli yangi binosi shoshilinch tibbiy yordamdagi eng noyob sohalarni — kardioxirurgiya, neyrovaskulyar xirurgiya hamda transplantologiyani qamrab oladi. Binoni 2022 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Uning to'liq ishga tushirilishi natijasida kardioxirurgiya bo'limida yiliga 700 dan ortiq murakkab operatsiya o'tkazish imkoniyati paydo bo'ladi. Ayni paytda esa, markazda 300 dan ziyod shunday amaliyot bajarilayotir.

Transplantologiya bo'limida hozirga qadar 160 dan ziyod amaliyot o'tkazilgan bo'lsa, kelgusida buyrak va jigar bo'lagini ko'chirib o'tkazish bo'yicha yiliga 500 dan ziyod amaliyot bajarilishi uchun sharoit yaratiladi. Ushbu bo'limdagi operatsion bloklar ikki xonadan iborat bo'lib, birida donordan a'zo olinadi va zudlik bilan yonma-yon joylashgan ikkinchi xonadagi bemorga ko'chirib o'tkaziladi. Eng ahamiyatlisi, bu operatsiyalarning barchasi bepul amalga oshiriladi.

Neyroxirurgiya bo'limida bosh miya qon tomiri nuqsonlarini xirurgik davolash natijasida chuqur nogironlikka mahkum bo'lgan bemorlarda yiliga 200 dan ziyod noyob jarrohlik amaliyoti o'tkaziladi. Interventsion muolajalar bo'limida har yili o'tkir koronar sindrom, bosh miya qon aylanishining o'tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash bo'yicha qo'shimcha 1000 dan ziyod muolaja bajariladi.

Yangi binoning to'liq ishga tushirilishi yiliga uch mingga yaqin noyob jarrohlik amaliyotini o'tkazish imkonini beradi va bemorlar xorijga borib davolanishdan qisman xalos bo'ladi.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmati takomillashtirilgani natijasida 2016 - yili shikastlanishlar oqibatida bolalar o'limi ko'rsatkichi 19 foizni, nogironlik ulushi 30 foizni tashkil qilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich ayni paytda 19 foizdan 12 foizgacha, nogironlik esa 30 foizdan 22 foizgacha pasaydi. Bu tibbiy xizmatni yanada takomillashtirish, kasalliklarni barvaqt bartaraf etish, inson umri davomiyligini oshirish va el roziligiga erishishdek olijanob maqsad ro'yobi yo'lidagi sa'y-harakatlar samarasidan dalolat.

Allo, tez yordammi?

Yurtimizda tez tibbiy yordam xizmatining avtotransport bilan to'liq ta'minlanishi brigadalarning chaqiriqlarga kechikish holatini sezilarli kamaytirdi. Bunday holatlarni kamaytirish va iloji boricha bartaraf etish maqsadida mavjud brigadalarning aksariyati dislokatsiya nuqtalari uzoq hududlarda joylashgan aholi  punktlariga yaqinlashtirildi.

O'tgan yilning sentyabr` oyida VW Saddy rusumli 100 dan ziyod avtomashina joylardagi tez tibbiy yordam xizmatlariga topshirildi. Bugun yurtimizdagi tez tibbiy yordam xizmatlarida 435 dan ortiq reanimobil` mavjud. Asta-sekin tez tibbiy yordamda “Damas” rusumli avtomobillardan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda.

— Tez tibbiy yordamga murojaatlar dastlab markazga kelib tushadi, — deydi shahar tez tibbiy yordam stantsiyasi Call markazi bo'lim mudiri Nasiba Mahmudova. — Markazda navbatchilar avtomatlashtirilgan tizimda murojaatni qabul qilib oladi. Chaqiriq kelib tushishi bilan komp`yuterda bemorning manzili qayd etiladi. Barcha so'rovga javob olingandan so'ng chaqiriq bergan shaxs qaerda turganini bilishimiz mumkin. Uning manzili chaqiriq mobaynida komp`yuterdagi xaritada ko'rinib turadi. Tizimdan manzilga eng yaqin brigadani topib, ushbu bemor tomon yo'naltiramiz. Avtomatlashtirilgan tizimga o'tishimizdan oldin qayd etishning o'ziga 8-10 daqiqa ketardi. Hozir soniyalarda, uzog'i bilan 1-2 daqiqada murojaatni qabul qilib, ko'chma brigadaning planshetiga chaqiriq manzilini yuboryapmiz. Vaqtdan yutyapmiz. Avvallari chaqiriq qo'lda yozilib, komp`yuterga kiritilar, keyin tumandagi bo'limga yuborilardi. Shundan so'ng tuman bo'limida yana qayta ro'yxatga kiritilib, keyingina tez yordam yuborilardi. Hozirgi o'zgarishlar natijasida tez tibbiy yordamning kechikish holati 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Chaqiriqlarga etib borish vaqti o'rtacha 20-30 daqiqa bo'lgan esa, hozir atigi 8-12 daqiqani tashkil etmoqda. Raqamlardan tizimning tezkorligi, natijadorligi oshgani, qisqa vaqtda vaziyat ancha yaxshilanganini anglash qiyin emas.

Hozir shahar tez tibbiy yordam stantsiyasida 40 nafar operator murojaatlarni qabul qiladi. Bundan tashqari, 12 nafar uzatuvchi navbatchi faoliyat yuritadi.

Tez tibbiy yordam xizmatini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash jarayonini markazlashtirish natijasida bir chaqiriq uchun ajratilgan dori-darmon qiymati har yili kamida ikki barobar oshirilishiga erishildi.

Tez tibbiy yordamga murojaat qilish va tez javob olish, vaqtida kerakli tibbiy yordamga ega bo'lish aslida inson qadri va roziligi belgisi. “Inson qadri uchun” g'oyasining zamirida ham aslida ana shu rozilikka erishish, g'amxo'rlik yotadi.

Barcha a'zolarga daxldor soha

Prezidentimiz raisligida yaqinda endokrinologiya sohasini takomillashtirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida sohani takomillashtirishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari endokrin kasalliklar insonning barcha a'zolarida kechishini inobatga olib, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasi faoliyatini ko'p tarmoqli shaklga o'tkazish bo'yicha topshiriq bergandi. Unga ko'ra, ayni paytda markaz uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadigan 600 o'rinli yangi bino qurilmoqda. OAV vakillari endokrinologiya shifoxonasining yangi binosi bilan ham tanishdi. U 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Joriy yil 1 - iyulga qadar birlamchi bo'g'in uchun zarur bo'lgan 400 nafar mutaxassis qayta tayyorlanadi. Yangi ko'p tarmoqli endokrinologiya markazida 20 dan ziyod yuqori texnologik amaliyot yo'lga qo'yiladi. Bunda gormonal va mineral buzilishlar (osteoporoz), endokrin ginekologiya, reproduktiv, onko, neyro va oftal`moendokrinologiya, nefrologiya, kardiodiabet va interventsion xirurgiya kabi yo'nalishlar tashkil etiladi.

Fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish va tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalish laridan biridir. So'nggi yillarda aholiga tibbiy, shu jumladan, endokrinologik xizmat ko'rsatish sohasida ham katta o'zgarishlar kuzatilmoqda.

Endokrinologiya xizmatining yagona vertikal integrasiyalashgan tizimi yaratildi. Endokrinologik muassasalar zamonaviy, yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlanmoqda. Professional kadrlar tayyorlash bo'yicha zamonaviy ilmiy maktab shakllantirildi.

Endokrin kasalliklarni tashxislash va davolashning qator zamonaviy usullari endokrinologik muassasalar (endokrinologik dispanser/ filiallar) amaliyotiga joriy etildi. Endokrinologik patologiyaning oldini olish tizimi takomillashtirildi. Bu esa, kasallikni dastlabki bosqichida aniqlash imkonini berdi hamda bemorlarning Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga qatnovi kamaydi.

Qandli diabet endokrinologik kasalliklar ro'yxatida birinchi o'rinda turadi. Bu ko'rsatkich qayd etilgan endokrin kasalliklarning qariyb yarmini tashkil qiladi. Ikkinchi o'rindan qalqonsimon bez kasalliklari joy olgan. Bundan tashqari, ayrim aholi vakillari ortiqcha vazn va boshqa endokrin patologiyalardan aziyat cheka boshladi.

Shuning uchun bu turdagi kasalliklarning oldini olish, tashxis qo' yish va davolash masalasiga alohida e'tibor qaratilayotir. Bemorlarga birlamchi tizimda sifatli darajada malakali yordam olish imkoni yaratilmoqda.

 — Qurilayotgan yangi binoda sohaga daxldor 28 ta bo'lim faoliyat ko'rsatadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Feruz To'raev. — Avvallari bemorning diabetini davolagandan so'ng, deylik, ko'zida muammo bo'lsa — ko'z shifokoriga, yuragida muammo bo'lsa — kardiologga yuborish kerak bo'lgan. Yangi markazda ana shu xizmatlar muvofiqlashtirilgan holda ko'rsatiladi. Bemorning sarson-sargardonligiga barham beriladi. Ilgari kardiolog bir dori, endikrinolog yana boshqa bir dori yozib berar, o'rtada tushunmovchiliklar ham yuzaga kelardi. endi dorilarning o'zaro ta'sirini inobatga olgan holda davolash ishlari olib boriladi.

Markazda mavjud 14 ta bo'lim ikki barobarga ko'payishi natijasida zamonaviy jarrohlik, jonlashtirish va intensiv, efferent terapiya guruhi (buyrak-jigar patologiyasini davolashning ekstrakorporal usullari) bilan intensiv davolash xonalari, zamonaviy markaziy sterilizatsiya bo'limi bo'ladi.

Sog'liqni saqlash sohasida odamlarning roziligiga erishish, birlamchi tizimgacha takomillashirish ustuvor vazifa qilib belgilangan. Birlamchi tizim, oilaviy shifokorning endokrinologiya yo'nalishidagi bilimlari oshirilsa, sohadagi muammolarga bir qadar echim topiladi.

Tez kunda Prezidentimizning sog'liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo'lib o'tadigan “O'zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti tizimdagi muammolarga echim topish, mamlakat tibbiyotini yangi sifat bosqichiga olib chiqish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga turtki bo'lishi kutilmoqda. Ayni paytda ochiq muloqot tashkil etishga tayyorgarlik qizg'in pallada. Uchrashuvga yo'llanayotgan murojaatlar sog'liqni saqlash sohasining barcha yo'nalishlarini qamrab olmoqda.

Risolat Madieva,

“Yangi O'zbekiston" muxbiri