Tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha qancha ariza kelib tushdi?

    SSV Matbuot xizmati taʼlim sohasiga oid muhim savollarga javob olish maqsadida vazirlikning fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi Aʼzamjon MAHMUDOVga murojaat qildi:

    — Mamlakatimizdagi bir oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan talabaning oʻqishini boshqasiga koʻchirish va qayta tiklash boʻyicha murojaatga qanday hollarda rad javobi beriladi?

    — Bu masala boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda batafsil maʼlumot berilgan.

    Unga koʻra:

    xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;

    respublika oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shaklida oʻqiganlarga;

    oliy taʼlim muassasalarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;

    birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);

    oliy taʼlim muassasasida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi mutaxassisligi yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmaganda;

    namunaviy oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshganda oʻqishni koʻchirish va qayta tiklashga ruxsat etilmaydi.

    Bundan tashqari:

    toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshira olmasa;

    talabaning shaxsiy yigʻma jildi belgilangan muddatlarda taqdim etilmasa;

    oliy taʼlim muassasasiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklash davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;

    oliy taʼlim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda ham bu amaliyot mumkin emas.

    Shu bilan birga:

    maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga, boshqa oliy taʼlim muassasasiga;

    kechki (smenali) taʼlimdan sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga, kechki (smenali) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchi taʼlim sohasiga;

    sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga;

    sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchi taʼlim sohasiga;

    bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga;

    maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;

    talaba Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinib qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan boʻlsa (mazkur qoʻshma dasturning oʻzi bundan mustasno) hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda ham bunga ruxsat berilmaydi.

    — Shu yil vazirlik tizimidagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha qancha ariza kelib tushdi?

    — 2021-yil Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining transfer.edu.uz elektron tizimi orqali vazirlik tizimidagi 11 ta tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha 2 968 ta ariza kelib tushdi.

    Jumladan, 2 952 ta ariza bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va 14 ta ariza magistratura mutaxassisliklari boʻyicha, shuningdek, mos va turdosh yoʻnalishlar boʻyicha 1 442 ta, noturdosh yoʻnalishlar boʻyicha 382 ta va boshqa oliy taʼlim muassasalaridan 1 048 ta ariza kelib tushgan.

    Taʼkidlash lozimki, joriy yil tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha juda koʻp murojaat kelib tushgan. Shu bois mazkur arizalarni koʻrib chiqish jarayoni biroz vaqt talab qilmoqda. Ushbu amaliyot natijalari yaqin kunlarda eʼlon qilinadi.