Innovasion rivojlanish vazirligida kasalliklarni davolashning yangi usul va texnologiyalarini yaratish, aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish sifati va samaradorligini oshirishga to'sqinlik qilayotgan muammolar echimiga qaratilgan ilmiy loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Ayni shu maqsadda Sog'liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta'lim muassasalari tomonidan tanlov uchun 2019 yilda 72 ta loyiha taqdim qilingan bo'lsa, ularning soni 2020 yilning oktyabr` oyigacha 177 tani tashkil etdi.
Sog'liqni saqlash sohasida taklif etilayotgan loyihalarga buyurtmalarning ko'pi avval bajarilgani, aniq natija yoki ilmiy echimga qaratilmagani, tadqiqot natijasi mavhum bo'lib qolgani sababli qayta ishlash uchun qaytarildi. Ayrimlari esa belgilangan talablar asosida shakllantirilmagani, loyiha talabnomasi va mavzusi bo'yicha takliflar aralashib ketganligi sababli rad etilgan.
Shoshilinch tibbiy yordam xizmati sog'liqni saqlash tizimining eng yirik hamda muhim ahamiyatga ega tarkibiy tuzilmasi sanaladi. Bugungi kunda respublikamizda shoshilinch tibbiy yordam xizmatining 13 ta viloyat, 173 ta tuman va shahar filiali mavjud. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sababli butun dunyoda bo'lgani kabi respublikamizda ham shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga bo'lgan ehtiyoj kuchaydi. Masalan, pandemiyagacha shoshilinch tibbiy yordam xizmati va uning hududiy filiallariga bir yil davomida 10 millionga yaqin qo'ng'iroq va murojaat qilingan bo'lsa, pandemiya sharoitida ular soni 30 foizga oshib, 13 millionga etdi.
Shu bois, vazirlik shoshilinch tibbiy yordam sohasida yangi, samarali davolash texnologiyalarini yaratish, ilmiy-tadqiqotlar natijadorligini oshirish, shuningdek, sog'liqni saqlash amaliyotiga samarali davolash texnologiyalarini joriy etish maqsadida “Tibbiyot fanlari” yo'nalishida ettita mavzu yuzasidan tanlov e'lon qildi.
Bundan tashqari, iqtidorli yosh olimlar uchun tibbiyot va farmasevtika fanlari bo'yicha loyihalar tanlovi tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi iqtidorli yosh izlanuvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlar yaratish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat. Mazkur tanlov Prezidentimizning 2019 yil 30 avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan maqsad-vazifalarga muvofiq o'tkazildi.
Tanlovdan, shuningdek, “Tibbiyot yo'nalishida ta'lim olayotgan talabalar uchun odam anatomiyasi atlasining AR-texnologiyasini yaratish” mavzusi ham o'rin olgan. Uning natijasida odam anatomiyasi atlasining ma'lumotlar bazasi tayyorlanadi, odam anatomiyasi atlasi ishlab chiqiladi va ta'lim jarayonida foydalanish uchun atlasning AR-texnologiyasi yaratiladi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 31 yanvarda olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari hamda ishlab chiqarish tarmoqlari korxonalari vakillari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvida belgilangan vazifa va topshiriqlar doirasida ilm-fan sohasida ayollarning o'rnini yanada oshirishga qaratilgan “Olima ayollar grantlari” innovasion loyihalar tanlovi e'lon qilindi. Undan ko'zlangan asosiy maqsad — fan-ta'lim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shug'ullanayotgan xotin-qizlarning yangi g'oya va ishlanmalarini qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishdan iborat.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari taqdim etgan “Kindik qoni o'zak hujayralari bankini yaratishga mo'ljallangan texnologik platforma tashkil etish” mavzusidagi loyiha ham vazirlik hay'atidan ijobiy xulosa oldi. Loyihada homila yo'qotish sindromining molekulyar-genetik belgilarini aniqlash, uning klinik ko'rinishi va kechishi asosida erta tashxis qo'yish texnologiyasi — yangi test tizimi (chip) ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish va sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish, jumladan, reproduktiv yoshdagi ayollarda uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash va asoratlarini kamaytirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini yangi bosqichga ko'tarish, ayniqsa, homilador ayollar salomatligini mustahkamlash, homila yo'qotish belgilarini erta aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagi loyiha ayni shu nuqtai nazardan dolzarb hisoblanadi.
2020 yil — Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb belgilanishi ham soha mutaxassislari zimmasiga ulkan vazifalarni yukladi. Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo'lidan borish imkoniyatini beradi”, deya alohida ta'kidladi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti olimlari tanlovga taqdim etgan “Autizmga chalingan bolalarni o'zbek tilida amaliy xulq-atvorni tahlil qilish terapiyasida o'qitishning yangi innovasion texnologiyasini yaratish” mavzusidagi loyihasi asosida o'zbek tilida ilk bor mintaqamizga moslashtirilgan autist bolalar idroki, umumiy va nozik harakatlari, fikrlash va nutqini yaxshilashga yordam beradigan innovatsion texnologiya ishlab chiqiladi. Ushbu dastur autist bolani ovqat chaynash, kiyinish, gaplashish kabi kundalik ko'nikmalar va mustaqil harakat qilishga o'rgatadi. Psixolog va logoped bilan to'laqonli terapiya ishlab chiqiladi va bu, ayniqsa, kam ta'minlangan aholi uchun qulaylik yaratadi. Autist bolalarni davolashda innovasion texnologiyalarni o'zbek tilida qo'llash davolash ko'lami va samarasini kengaytiradi, ular orasida nogironlikni kamaytiradi hamda bolani kundalik hayotga moslashuv jarayonini tezlashtiradi. Bugungi kunda dunyo miqyosida autist bolalar uchun ko'plab davolash dasturlari ishlab chiqilgan. Amaliy xulq-atvorni tahlil qilish terapiyasi — bu o'zini tutish texnologiyalari va o'qitish usullariga asoslangan intensiv o'quv dasturi. Ushbu dasturni o'zbek tiliga moslashtirish, kasallikning dastlabki bosqichida individual yondashuvni tanlash davolash samaradorligini oshiradi. Bundan tashqari, bolalarning rivojlanishi va ta'lim olishini yaxshilaydi, ularda jamiyatga moslashish, yaxshi kayfiyat va hissiyot uyg'otishga sabab bo'ladi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash va COVID-19 shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikum yaratish, dori-darmon ustida tezkor ish olib borish maqsadida 12 ta umumiy qiymati 19,6 milliard so'm miqdorida ilmiy loyihalar tanlovi e'lon qilindi.
Ayni paytda 4,5 milliard so'm miqdoridagi 3 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi. COVID-19ga chalingan bemor bilan yaqin muloqotda bo'lganlarni tezkor aniqlash maqsadida “Birga Yengamiz” mobil` ilovasi yaratilib, Android va iOS tizimlari asosida ishlaydigan barcha mobil` telefonlarga o'rnatildi hamda undan bepul foydalanish yo'lga qo'yildi. Ayni paytda undan 10 ming nafarga yaqin kishi foydalanyapti.
Mazkur mobil` ilova bemor bilan oxirgi 14 kun ichida yaqin masofa va aloqada bo'lgan shaxslarni aniqlashga yordam beradi.
Noibaxon MAMADALIEVA,
Innovasion rivojlanish vazirligi
ilmiy kotibi, filologiya fanlari doktori