Dunyoda epidemiologik xavf-xatar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda kasalliklarni profilaktika qilish, erta aniqlash, toʻgʻri tashxislash hamda davolashda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari ish uslubini qayta koʻrib chiqib, sogʻliqni saqlash xizmatini tashkil etishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish dolzarb vazifaga aylandi.

Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilishi natijasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish sifati, samaradorligi va ommabopligi taʼminlanyapti. Shuningdek, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi oʻrni va maqomini oshirish, sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga erishilmoqda.

Mavjud kuch va vositalarni jalb qilgan holda, eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama kuchaytirish, tibbiy profilaktika va patronaj xizmatining mutlaqo yangi tizimini joriy qilishga eʼtibor qaratilmoqda. Sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va jamoat salomatligini taʼminlashning mahalla hamda xonadonlargacha qamrab olinadigan yaxlit tizimini yaratish yoʻlidan borilmoqda.

Sohada yetuk bilimga ega kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda raqobat muhiti yaratildi. Ilgʻor xorijiy tajribaga asosan xodimlarni kasbiy rivojlantirishning samarali tizimi shakllantirilmoqda. Ayni paytda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida bu yoʻnalishdagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Xususan, aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatini birlamchi boʻgʻinning oʻzida hal etishga erishish borasida katta vazifalar belgilangan.

Salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, aholi tayanch, past xavf, oʻrta xavf, yuqori xavf guruhi va boshqa guruhlarga boʻlinib, mansubligiga koʻra belgilangan muddatda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda. Shu tariqa yurtdoshlarimiz salomatligi davriy kuzatuvga olindi. Tibbiyot muassasasiga oʻzi mustaqil kelolmaydigan bemorlarga uyiga borgan holda tibbiy xizmat koʻrsatilyapti. Shu tariqa individual patronaj yoʻlga qoʻyilmoqda. Profilaktik koʻriklar oʻrniga hududning oʻziga xos xususiyatlari va aholining guruhga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar boʻyicha davriy tibbiy skrining tekshiruvi oʻtkazilmoqda.

Umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligi oilaviy shifokor etib qayta nomlandi. Shuningdek, tibbiyot oliy taʼlim muassasalaridagi fan dasturlari oilaviy shifokor tayyorlashga moslashtirildi. Oilaviy shifokorga yordam beradigan terapiya, pediatriya, akusherlik, patronaj boʻyicha oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat tibbiyot brigadalari tashkil qilindi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida oilaviy shifokor yordamchilarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu jarayonda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya va takliflarini inobatga olgan holda texnikumlarda oilaviy shifokor yordamchilarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi joriy qilindi. Bugungi kunda jamoat salomatligi texnikumlari oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga biriktirilgan. Ixtisosligidan kelib chiqib, ularning oʻquvchilari ushbu muassasalarda amaliyot oʻtamoqda.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni kuchaytirishda halqaro hamkorlikning ahamiyati beqiyos. Xususan, mamlakatimizda joriy yilda oʻtkazilgan Oʻzbekiston–Belarus sogʻliqni saqlash va tibbiyot taʼlimi kunlari ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Yaqinda mamlakat, viloyat, tuman va shahar tibbiyot muassasalari mutaxassislari, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va jamoat salomatligi texnikumlari rahbarlaridan iborat delegatsiyaning Belarusga xizmat safari esa ikki tomonlama hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki berdi.

Minsk shahrida oʻtgan Belarus-Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash forumi hamda uning doirasidagi tadbirlarda ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash sohasi masʼullari, yetakchi tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, yirik farmatsevtika korxonalari rahbarlari, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari vakillari oʻzaro tajriba almashib, manfaatli hamkorlik oʻrnatdi. Anjuman tibbiyot sohasida ikki tomonlama aloqalar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Tibbiyotning dolzarb masalalariga bagʻishlangan shoʻba yigʻilishlari, oʻnlab nufuzli tibbiyot muassasalari va oliy oʻquv yurtlari faoliyati bilan tanishuv, ikki mamlakat sogʻliqni saqlash tuzilmalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning hududiy filiallari, soha oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida turli yoʻnalishlarda hamkorlik qilish boʻyicha 100 dan ortiq memorandum va yangi loyiha yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Masalan, forum doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasi Belarus davlat tibbiyot universiteti, Vitebsk davlat tibbiyot universiteti va Gomel davlat tibbiyot universiteti bilan bakalavriat hamda klinik ordinatura taʼlim dasturlari boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Shu oʻrinda bir savol tugʻilishi mumkin: Belarus tibbiyoti qanchalik rivojlangan, ular bilan hamkorlik qilish nechogʻli manfaatli? Minsk shahridagi Respublika onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishganimizda ushbu savolga javob topdik hamda Belarus tibbiyoti bilan hamkorlik bejiz emasligiga ishonch hosil qildik. 64 yillik tarixga ega mazkur markazdagi ilmiy-tibbiy oʻquv majmuasida 10 ta ilmiy laboratoriya, 20 ta statsionar va 11 ta diagnostika boʻlimi bor. Ayni paytda ularda 1700 dan ziyod malakali xodim, jumladan, 25 nafardan ortiq tibbiyot va biologiya fanlari doktori hamda 12 nafar professor mehnat qilmoqda. Bu yerda umumiy gipertermiya, fotodinamik terapiya kabi dunyoda muqobili boʻlmagan noyob davolash usullari qoʻllanayotgani ahamiyatga molik. Markazda oʻrnatilgan zamonaviy diagnostika uskunalari esa hatto eng ogʻir onkologik kasalliklarga ham tez va aniq tashxis qoʻyish imkonini berayotir.

Mamlakatimizda oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Belarus tibbiyot va taʼlim kunlari koʻplab yoʻnalishlar qatori onkologiya sohasidagi hamkorlikni ham yanada mustahkamlashga turtki berdi. Xususan, Belarusdan bir guruh yuqori malakali onkologlar yurtimizga kelib, mahalliy shifokorlar bilan bilim va tajriba almashdi, hamkorlikda murakkab amaliyotlarni bajardi. Minskdagi uchrashuvda onkologiya sohasida mutaxassislarni oʻqitish, ular uchun ushbu markazda stajirovka va malaka oshirish kurslari tashkil etish, birgalikda onkologik kasalliklarni davolashning yangi usullarini joriy qilish kabi qator yoʻnalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida ikki mamlakatning onkologik muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishilgani kishini quvontiradi. Oʻzbekiston tibbiyoti ham jadal rivojlanayotir. Oʻz navbatida, belaruslik mutaxassislar oʻzbekistonlik hamkasblaridan ayrim onkologik kasalliklarni robot texnologiyasi yordamida davolashni oʻrganishga qiziqish bildirdi.

Xizmat safari mobaynida Belarus viloyatlaridagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, tibbiy profilaktika va patronaj tizimi bilan atroflicha tanishildi. Tadbirlarda imzolangan memorandumlar doirasida Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari Belarus texnikumlari bilan hamkorlik qiladi. Ularning oʻquv dasturlari asosida oʻquvchilarni oʻqitish tizimi takomillashtiriladi. Bu esa, avvalo, tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash, qolaversa, tibbiy-profilaktika ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etishga xizmat qiladi.

Sobir TURSUNOV,

Sergeli Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat

salomatligi texnikumi direktori,

pedagogika fanlari doktori, professor