Mustaqillik erkin va baxtli yashash huquqi, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashning bosh omilidir. Istiqlol sharofati bilan xalqimizning asriy orzulari roʻyobga chiqdi, millatning gʻururi, or-nomusi, shaʼni tiklandi. Ozod va obod Vatanda erkin va farovon yashash baxtiga muyassar boʻldik.

Kuni kecha xalqimizning faxr-iftixori timsoli sifatida qad rostlagan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramini ulkan shodiyona sifatida keng nishonladik. Tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, xalqimizni bayram bilan tabrikladi. Ushbu nutqni tinglab, nihoyatda ruhlanib ketdim. Unda mustaqillik yillarida barcha sohalarda boʻlgani kabi tibbiyot ham jadal rivojlanish bosqichiga oʻtgani, xususan, 2016-yilda mavjud boʻlgan 800 ta “tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetgani qayd etildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga koʻpaygani sohadagi izchil islohotlar samarasidir.

Bundan 5-6 yil avval koʻplab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni oʻtkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi. Keyingi yillarda tibbiyotdagi islohotlar natijasida bunday zamonaviy operatsiyalar endi oʻzimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ixtisoslashgan tibbiy yordam tubdan takomillashmoqda. 2016-yilda ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatayotgan markazlar soni 10 tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazilgani, eng muhimi, joylarda 124 ta filial faoliyati yoʻlga qoʻyilgani xalqimiz uchun katta qulaylik boʻldi.

Davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini taʼminlashda sogʻliqni saqlash sohasi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan oʻzgarmoqda. Eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish sifati va samaradorligi, sogʻlom turmush tarzi yangi bosqichga koʻtarildi. Koʻp tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.

Quvonarli tomoni, tez tibbiy yordam tizimi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, moliyaviy taʼminoti kuchaytirildi. Prezidentimiz rahbarligida sogʻliqni saqlash sohasida olib borilgan izchil islohotlar tufayli oʻtgan yilgi kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik. Xalqimizning sogʻligʻi va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlar ishlab chiqildi. Koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etilib, dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi.

Hududlarda ishga tushirilgan 60 ta kislorod stansiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. 2021-yil uchun davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirilib, aholi sogʻligʻini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralari koʻrilyapti.

Davlatimiz rahbarining mustaqillik bayramidagi nuqtini tinglab, Oʻzbekistonda xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishiga toʻla ishonch hosil qildim. Bu yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik esa xalqimiz sogʻligʻini mustahkamlash, ayniqsa, barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar zamirida sharafli soha vakillarining mashaqqatli mehnati va burchga sadoqati yotadi. Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz qatori men ham “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandim.

Kamtarona mehnatimizning davlatimiz rahbari, xalqimiz tomonidan eʼtirof etilishi bizni yanada shijoat koʻrsatib ishlashga chorlamoqda. Endi bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchim, bilimim va salohiyatimni ishga solaman. Bu ragʻbat aholi farovonligi, turmush sharoitini yaxshilashdek xayrli ishlarga kamarbasta boʻlishda bizga kuch-quvvat baxsh etadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

“Sodiq xizmatlari uchun”

medali sohibi