Har bir vazir, hokim, deputat va senator joylardagi sharoitni oʻz koʻzi bilan koʻrsa, qolaversa, oʻzi va oila aʼzolari oʻz hududidagi oilaviy poliklinikaga chiqib, hududiy shifoxonasida davolansa, bu islohotlarning tezroq pastga tushishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Mutasaddi rahbarlarga dori-darmon ishlab chiqarish, olib kelish, retseptli dorilarni dorixonada sotish, bu jarayonlarni raqamlashtirish, tibbiyot tizimida mablagʻlarni toʻgʻri ishlatish, raqamlashtirish va sugʻurtani joriy etish, korrupsiyani yoʻqotish, sodda qilib aytganda, odamlarni rozi qilish boʻyicha islohotlar ijrosi ustidan toʻliq nazorat oʻrnatish topshirildi.

Har bir poliklinika, shifoxona, markazda odamlarni tibbiyotdan rozi qilish, qatʼiy intizom oʻrnatish va madaniyat olib kirish, buning ijrosini muntazam muhokama qilib, rahbarlarning javobgarligini koʻrib chiqish uchun masʼullar belgilandi.

Yigʻilish davomida soha va hududlar rahbarlarining hisobotlari va qoʻyilgan vazifalar ijrosini tashkil etish boʻyicha rejalari tinglandi.