Toshkent shahar XTB Matbuot xizmatining xabar berishicha, 181-maktabning toʻrt nafar oʻquvchisi — M.M., X.M., D.M., I.M.lar darsdan keyin sinfxonasida xorijning suvenir pullarini sochib, video lavha tasvirida ishtirok etishgan. Ularning sinfdoshi I.S. esa videotasvirga olgan. Soʻngra bu lavhani Tik-Tok sahifasiga qoʻyishgan.

Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi Ishchi guruhi maktabda oʻquvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat oʻtkazdi. Unda tuman xalq taʼlimi boʻlimi vakillari, tuman faollari, tuman yoshlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi, profilaktika inspektori, psixolog ishtirok etdi.

Suhbat davomida oʻquvchilar va ularning ota-onalariga maktab oʻquvchilarining yuqoridagi xatti-harakatlari odob-axloq qoidalariga zid ekanligi, milliy anʼanalarga toʻgʻri kelmasligi tushuntirilgan.

Videoni suratga olishda ishtirok etgan oʻquvchilardan birining onasi maktab maʼmuriyatidan barcha ota-onalar nomidan uzr soʻragan.