Joriy yilda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktabga davlat dasturi doirasida 16 ta tikuv mashinasi hamda 2 ta overlok mashinasi taqdim etilgan.

Taʼlim maskanida 5 tashabbus doirasida “Yosh tikuvchi” toʻgaragi tashkil etilgan, toʻgarakda 7-sinfdan boshlab 30 nafar qizga “Ustoz-shogird” asosida tikish va bichish sirlari oʻrgatilmoqda.

Toʻgarak ish boshlaganiga hali koʻp boʻlmadi. Shunga qaramay maktab hisob-raqamiga 110 million soʻm daromad keltirildi. Ushbu mablagʻ toʻgarakda tikilayotgan choyshab hamda yostiq jildlarini sotuvga chiqarish orqali toʻplandi.

Toʻgarak rahbari Dilnoza Alimova bu mablagʻni yil davomida 1 milliard soʻmga yetkazishni rejalashtirmoqda.

— Dastlab ish faoliyatimiz uchun maktab rahbari Dilora Joʻrayeva tomonidan mablagʻ ajratildi, — deydi Dilnoza Alimova. — Shundan soʻng barchamiz birgalashib, toʻgarak ish faoliyati uchun aniq rejalar belgilab oldik. Kelgusida yangi tugʻilgan bolalarga moʻljallangan kiyim-kechak ishlab chiqarish orqali faoliyatimizni kengaytirmoqchimiz.