Prezidentimiz oʻtgan yili 30-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida maktab taʼlimi boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini oʻrganish, xususan, Finlyandiya taʼlim tizimining oʻziga xos jihatlari va muvaffaqiyatlarini tahlil qilish, oʻquvchilarni fikrlashga chorlaydigan, hayotga tayyorlaydigan metodika yaratish taklifini bildirgan edi.

Tabiiyki, taʼlim masʼullari uchun bu kutilmagan tashabbus boʻldi. Biz azaldan rivojlanish asoslariga ega Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlar tajribasini oʻrganish bilan band boʻlgan bir vaziyatda davlatimiz rahbarining aynan taʼlim tufayli yuksak taraqqiyotga erishgan mamlakat tajribasini oʻrganishdek oqilona tashabbusi bizni islohotlar mazmunini chuqur tahlil qilib, oʻquv sifatini oshirish borasidagi rejalarimizni shunga moslashtirishga undadi.

Sohaning bir qator mutasaddilari bilan birga Shimoliy Yevropaning eng taraqqiy etgan bu davlatiga qilingan safar chogʻida davlatimiz rahbarini uzoqni koʻra oladigan inson sifatida yana bir bor oʻzimiz uchun kashf qildik. Chunki Finlyandiyadagi 6 kunlik oʻrganish jarayonida bugun Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan tub islohotlar bundan 50 yil avval “Oq nilufarlar yurti”da ham dolzarb boʻlganini koʻrdik. Shu nuqtayi nazardan, bugun yurtimizda taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor bizning millat kelajagiga ishonchimizni mustahkamladi.

Harakatlar strategiyasida “taʼlim” soʻzi 138-marta qayd etilgan

2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida taʼlim va fan sohasini rivojlantirish alohida ustuvor masala sifatida keltirilgan. Bu hujjatda “taʼlim” soʻziga 138 marotaba duch kelasiz. Xususan, soha oldiga mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash vazifasi qoʻyilgan.

Bu jarayonda umumiy oʻrta taʼlim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori boʻlgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda oʻrganish belgilab berilgan. Davlatimiz rahbari chiqishlari davomida koʻp marotaba bugungi oʻqitish dasturlari va metodikasi eskirgani, yangi taʼlim mazmuni qisqa muddatda yurtimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi xususida toʻxtalib oʻtgan. Xususan, 2020-yili Prezidentimiz tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi oldiga dunyodagi zamonaviy oʻquv dasturlari asosida Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan edi.

“Biz qanday fuqaroni xohlayapmiz?”

Oʻtgan yili Xalq taʼlimi vazirligida taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari, oʻqitish metodikasi va baholash tizimini qamrab olgan Milliy oʻquv dasturini tayyorlashga kirishildi. Bu jarayonda oʻquvchilarni bilimga asoslangan jamiyat uchun raqobatbardosh kadrlar qilib voyaga yetkazish, ularni hayotga tayyorlash bosh shior qilib olindi. Avvalgi islohotlardan farqli oʻlaroq, bu gal islohotlarning bosh ishtirokchisi sifatida oʻqituvchilar tanlandi. Zero, Uchinchi Renessans haqida toʻxtalganda, davlatimiz rahbari muallimlarni yangi ilm-fan davrining toʻrt tayanch ustunidan biri, deya eʼtirof etgandi.

Keyingi bir yil davomida 246 nafar milliy ekspert, jumladan, 119 nafar maktab oʻqituvchisi, oliy taʼlimdan 105 nafar professor-oʻqituvchi, 22 nafar fan metodisti, shuningdek, UNICEF va USAID kabi xalqaro tashkilotlar orqali jalb qilingan 16 nafar xalqaro ekspert ishtirokida Milliy oʻquv dasturi loyihasi tayyorlandi.

Birinchi ish “Biz qanday fuqaroni xohlayapmiz?” degan savolga javob topish boʻlgan. Chunki taʼlim davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasi bilan bogʻlansa, maktablardan mehnat bozoriga mos ishchi kuchi yetishib chiqadi. Taʼlimdagi islohotlarning uzviyligi, oʻqish va yangi texnologiyalarning bogʻliqligi, oʻz navbatida, ishsizlikka qarshi eng samarali choradir. Aynan shu nuqtayi nazar bilan yangi Oʻzbekistondagi islohotlarga kamarbasta boʻladigan, kerak sharoitda vaziyatni qoʻlga olib, toʻgʻri qaror qabul qiladigan, ilgʻor gʻoyalari bilan iqtisodiyotni rivojlantirib, ishchi oʻrni yaratadigan, tashabbuskor va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan ulgʻayadigan fuqaro portreti yaratilmoqda.

Har bir fandan tashqi taqriz uchun hamkor muassasalar belgilab olindi. Misol uchun, yangi matematika dasturi Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda britaniyalik ekspertlar, ona tilining yangi metodikasi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ekspertlari, tabiiy fanlar dasturi Oxford University Press muallifi Fillippa Gardom Halm, Xelsinki universiteti professori Yari Lavonen ishtirokida yaratilgan.

Fin taʼlimining oʻziga xos ikki falsafasi

Finlyandiya maktab taʼlimida oʻziga xos ikki falsafa bor — oʻquvchi yaxshi taʼlim olishi uchun zamon va makonga ehtiyoj sezadi. Yaʼni bolalar 7 yoshda maktabga chiqadi va ularga oʻqiganini puxta oʻzlashtirishi uchun koʻproq vaqt beriladi. Misol uchun, boshlangʻich taʼlimda haftalik oʻquv yuklamasi 167 soatni tashkil qiladi. Bu xalqaro miqyosda boshlangʻich taʼlim uchun ajratiladigan eng kam soatlardan biridir. Shunday boʻlsa ham xalqaro baholash dasturlarida finlyandiyalik oʻquvchilar yuqori natija koʻrsatmoqda.

Milliy oʻquv dasturi doirasida 22 ta fan boʻyicha oʻquvchilar oʻzlashtirishi kerak boʻlgan asosiy bilimlar qamrab olindi. Maktabda oʻqitiladigan fanlar va mavzular tanqidiytahliliy oʻrganildi. Oʻquvchi yoshidan kelib chiqib, xalqaro tajribalar, psixologik va sanitariya meʼyorlari boʻyicha Milliy oʻquv dasturida haftalik normativlar sinflar boʻyicha qisqartirildi. Bosqichma-bosqich oʻquv yuklama soatlarini kamaytirish choralari belgilab olindi. Oʻquv dasturida barcha sinflar boʻyicha haftalik yuklama 314 soatdir (2019-yilda 339 soat edi). 11 yil uchun oʻquv yuklamasi 10 655 soat (avvalgidan 849 soat kam) etib belgilandi. Shuningdek, barcha fan va sinflar boʻyicha mavzular tahlil qilinib, takroriy, murakkab va eskirgan deb topilgan 849 ta mavzu maktabgacha yoki oliy taʼlimga oʻtkazildi, dasturdan chiqarildi.

Milliy oʻquv dasturida oʻquvchilarning bilim va koʻnikmasini baholashning xalqaro tadqiqotlariga mos mavzular hamda yangicha taʼlim yondashuvlari oʻrin olgan. Amaliyotga yoʻnaltirilgan mavzular 50 foizga yetkazildi.

Har bir fan oldidagi aniq maqsad aks etgan

Oʻquvchilarning maktabni mehnat bozori talabiga xos koʻnikmalarni egallab tamomlashi hamda kelgusida oʻzlarini oʻzlari ish bilan taʼminlashi, qoʻshimcha ish oʻrni yaratishi oʻrtasida bogʻliqlik mavjud. Shundan kelib chiqib, Milliy oʻquv dasturida taʼlimni zamon bilan bogʻlashga oid jihatlarni koʻrish mumkin.

XXI asrga xos ehtiyojlarga koʻra, oʻquvchida shakllanishi zarur boʻlgan koʻnikmalardan kelib chiqib, har bir fan oldiga aniq maqsad qoʻyildi. Misol uchun, oʻquvchida ona tili fani orqali ogʻzaki va yozma muloqot, matematika orqali mantiqiy fikrlash va muammolarga yechim topish, tabiiy fanlarni oʻqib tadqiqotchilik koʻnikmasi rivojlanishi, tarix fani orqali davrlarni solishtira olish, shuningdek, tarixiy hodisaning sabab va oqibatlarini aytib berish, tasviriy sanʼatda ijodiy fikrlash va tasavvurini vizual aks ettirish, informatika fanida “foydalanuvchidan raqamli kontent ishlab chiqaruvchi”ni tayyorlash koʻnikmasini shakllantirish zarurligi belgilangan.

Milliy oʻquv dasturida oʻqitish metodikalari har bir fan boʻyicha oʻquvchida kognitiv, ijobiy xulq-atvor va ijtimoiy-emotsional, tanqidiy va ijodiy fikrlash, koʻp qirrali savodlilik (oʻqish, yozishdan tashqari axborot texnologiyalari savodxonligi hamda mediasavodxonlik), jamoada ishlash kabi koʻnikmalarini rivojlantirishga asoslangan.

Milliy oʻquv dasturidagi besh strategik vazifa

Milliy oʻquv dasturini yaratish jarayonida Xalq taʼlimi vazirligi oʻz oldiga quyidagi besh muhim strategik vazifani belgilab qoʻydi:

birinchidan, mamlakatimizning bugungi rivojlanish surʼati asosida taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlarini yangilash va bu orqali mehnat bozoriga zamon talablariga mos kadrlarni yetishtirish;

ikkinchidan, maktab mavzularini maktabgacha hamda oliy taʼlim tizimi bilan uzviy bogʻlagan holda oʻqitish metodikasini yangilash. Misol uchun, oʻqitishda bugun keng ommalashgan maʼruza metodidan voz kechib, oʻquvchilarning mustaqil faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan loyiha asosida oʻqitish, oʻquvchiga yoʻnaltirilgan individual qiziqish va qobiliyatga asoslangan oʻqitish, hamkorlikda oʻrganish, mustaqil oʻrganish, oʻyin orqali oʻrganish kabi yondashuvlarni maktab taʼlimiga joriy qilish. Bu esa oʻquvchilarning hayotga tayyorlanishiga imkoniyat yaratadi.

uchinchidan, fanlararo integratsiya hamda sinflararo uzviylikni taʼminlash. Bir mavzuni bir nechta fan boʻyicha oʻrganish taʼlim mazmunining oʻquvchilar uchun yanada qiziqarli va foydali boʻlishini taʼminlaydi. Masalan, suv mavzusi doirasida bir vaqtning oʻzida oʻquvchidagi biologiya, geografiya hamda fizikaga oid bilimlarni mustahkamlash mumkin. Finlyandiya maktablarida boʻlganimizda oʻquvchilar matematika, texnologiya, rassomlik hamda biologiyaga oid bilimlarni sinfxonaga keltirilgan turli mevalarni kesib koʻrish orqali oʻrganishiga guvoh boʻldik. Bu orqali ular borliqni, jarayon va bilimlarni yaxlit tasavvur qiladi. Ayniqsa, loyiha asosida oʻqitish metodida integratsion taʼlim qoʻl keladi. Shuningdek, sinfdan-sinfga oʻtganda dasturdagi bogʻliqlik asosida oʻquvchi avvalgi sinfda olgan bilimlarini yangi bilimlar bilan oson bogʻlaydi;

toʻrtinchidan, oʻqituvchining akademik mustaqilligiga erishish. Pedagoglar mustaqil oʻrganishni taʼminlashda muhim ishtirokchilardir. Buning uchun ularning oʻzi akademik nuqtayi nazardan mustaqil boʻlishi lozim. Yaʼni muallim uchun oʻquv jarayonini davlat taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturi asosida mustaqil tashkil qilish koʻnikmasi zarur. Ammo tahlillar bugun aksariyat oʻqituvchilar uchun darsliklar yagona qolipga solingani, ular darslikdagi bilimlar bilan chegaralanib qolganini koʻrsatmoqda. Buning asosiy omili yangicha bilimlarni egallash uchun zarur zamonaviy resurslarning yetishmasligidir.

Milliy oʻquv dasturi asosida har bir fandan “Oʻqituvchi kitobi” tayyorlanayotgani, xalq taʼlimi tizimida malaka oshirishning yangi platformalari ishlab chiqilayotgani yangicha taʼlim mazmuni bilan muallimlarni tezkor tanishtirishning muhim yechimidir;

beshinchidan, “mualliflar maktabi”ni shakllantirish va yangi avlod darsliklarini yaratish.

Yangi avlod darsliklari fan va sinflarni bogʻlaydi, rang-barang va yorqin

Tahlillar koʻrsatmoqdaki, amaldagi aksariyat darsliklar bundan 17 yil avval qisman oʻzgartirilgan. Ular, asosan, nazariy bilimlarni qamrab olib, faktologiyaga asoslangan. Darsliklarning akademik tilga oʻtib ketgani oqibatida oʻquvchi kontentni tushunishga qiynaladi. Buning asosiy sababi, uni yaratishda oʻqituvchilar salohiyatidan unumli foydalanilmaganidadir. Shuningdek, sinfdan-sinfga oʻtganda darsliklar mavzusidagi katta tafovut oʻzlashtirish sifatiga salbiy taʼsir qilgan.

Metodika va darslikdagi kontentning oʻzgarishi yod olishga yoʻnaltirilgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlagan, natijada baholashda hayotiy koʻnikmalar emas, bilim hajmi muhim rol oʻynagan.

Finlyandiyaning “Otava” nashriyotida matematika fanidan darslik tayyorlayotgan bir guruh ijodkorlar bilan uchrashdik. Ularning barchasi mamlakatning turli nuqtalaridan jam boʻlgan iqtidorli oʻqituvchilar edi. Muallim dastur va darslikning oʻquvchi yoshiga mos va qiziqarli boʻlishidan manfaatdor. Shuning uchun ham Finlyandiyada taʼlim islohotlari oʻqituvchi ishtirokisiz boʻlmaydi.

Milliy oʻquv dasturini amaliyotga joriy qilish maqsadida 2021/2022 oʻquv yili uchun 1-2-sinflarga zamonaviy darsliklar yaratildi. Ilk marotaba har bir darslik uchun oʻqituvchi metodika kitobi hamda boshlangʻich sinflarda oʻquvchi mashq daftarlari tayyorlandi. 2021-yilda tanlov asosida saralab olingan 154 nafar muallif ishtirokida 326 nomda oʻquv-metodik adabiyot yaratildi. Bu jarayonga 46 nafar professor, 101 nafar amaliyotchi oʻqituvchi, 7 nafar fan metodisti jalb qilindi.

Yangi darsliklarni yaratish jarayonida yosh olimlar, tajribali oʻqituvchilardan iborat mualliflar guruhini shakllantirish ham asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Darsliklarni yaratishda olimlar bilan birga yosh amaliyotchi oʻqituvchilarning ishtiroki Milliy oʻquv dasturida belgilangan maqsadlarning darsliklarda aks etishiga xizmat qildi. Mualliflarning oʻrtacha yoshi 40-45 yosh. Oʻquvchilarga oʻyin va videoroliklar orqali dars berish uchun multimediali ilovalar ishlab chiqilmoqda.

Yaratilgan yangi avlod darsliklari 14 ta tayanch maktabda aprobatsiyadan oʻtkazildi. Mazkur jarayonda 40 nafar eksperimentator oʻqituvchi hamda 937 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Shuningdek, hududlarda Milliy oʻquv dasturi hamda darsliklar asosida dars berish uchun oʻqituvchilar bilimini oshirish boʻyicha mamlakatimiz miqyosida 100 nafar trener-oʻqituvchi tayyorlandi. Malaka oshirish kurslari orqali 49,1 ming nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchisi yangi metodikalar boʻyicha oʻqitildi.

Kelgusi yillarda yangi darsliklarni yaratish, ularni aprobatsiyadan oʻtkazish va pedagoglarni yangi metodikalar boʻyicha oʻqitish jarayoni davom ettiriladi. 2023/2024 oʻquv yiligacha barcha sinf uchun yangi avlod darsliklari bosqichma-bosqich tayyorlanib, 2025-yilga qadar Milliy oʻquv dasturi umumtaʼlim maktablarida amaliyotga toʻliq joriy qilinadi.

Taʼlimga davlatni oʻzgartiruvchi eng kuchli omillardan biri sifatida taʼrif beriladi. U odamlarni, jamiyatlarni, xalqlarni va insoniyat kelajagini qisqa muddatda oʻzgartiradi. Insoniyat qarshisida muqarrar turgan qashshoqlik va toʻyib ovqatlanmaslik, ishsizlik va zoʻravonlik, irqchilik va gender notenglik, kasallik va tabiiy ofatlar, bolalarga nisbatan zoʻravonlik, giyohvandlik, jinoyat va urushlarning yagona yechimi — taʼlim. Raqobatbardosh iqtisodiyotning kafolati hamda barqaror jamiyat yaratishning muhim sharti ham oʻqishdir.

Taʼlim, tinchlik va taraqqiyot azaldan yonma-yon yuradi, uchalasi bir-biriga xizmat qiluvchi drayver. YUNESKO tadqiqotlariga koʻra, bugun sayyoramizdagi 258 million bola boshlangʻich taʼlimdan mahrum boʻlib, oʻqish-yozish, hisoblash koʻnikmalarini toʻlaqonli egallamagan. Ularning aksariyati harbiy mojarolardan aziyat chekuvchi, taʼlim tizimiga ega boʻlmagan hududlarda yashaydi. Yer sayyorasi oʻquvchilar taʼlimi uchun shunday tanglikni boshdan oʻtkazayotgan bir davrda tinch-osuda Oʻzbekistonning soʻnggi 4 yilda taʼlimda erishgan muvaffaqiyati insonga umid bagʻishlaydi. Yangi Oʻzbekistonda tinchlik, taʼlim va taraqqiyot birlashdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buning zamirida esa inson qadri uchun uzoqni koʻzlagan oqilona islohotlar yotadi.