Tadbir Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti faoliyati doirasida tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi davra suhbati tashkilotchilari boʻldilar.
Tadbirda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti aʼzolari – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Turkmaniston Milli Gengeshi Medjlisining Raisi Gulshat Mammedova, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi oʻrinbosari Balaim Kesebayeva, Qirgʻiziston Respublikasi Joʻgʻorku Keneshi Toragʻasi oʻrinbosari Aida Kasimaliyeva, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Xotin-qizlar va oila ishlari qoʻmitasi Raisi birinchi oʻrinbosari Nigora Gʻafforzoda, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili N. German, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi rahbari M. Spolyarich-Egger, Irlandiya va Meksikaning BMTdagi doimiy vakillari, “BMT-Ayollar” tuzilmasi ekspertlari, Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kotibiyati, Ayol-mediatorlar global alyansi kotibiyati rahbarlari, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbati global va mintaqaviy platformalar va yetakchi ayollar uyushmalarining rolini oʻrganish, nizolarning oldini olish va tinchlikni mustahkamlashda ayollarning ishtiroki va yetakchiligini kengaytirish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganishga bagʻishlandi. Ushbu tadbir BMTning “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik global kun tartibi” doirasida Insonparvarlik harakatlari toʻgʻrisidagi bitim va Tinchlik jarayoni ayol-mediatorlarining mintaqaviy tarmoqlari global alyansi kabi xalqaro tashabbus va koalitsiyalarga aʼzo boʻlish va ishtirok etish istiqbollarini muhokama qilish uchun imkoniyat yaratdi.
BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganiga yigirma yildan oshdi. Xalqaro hamjamiyat ayollarning tinchlik va xavfsizlik sohasidagi ishtiroki va taʼsiri inklyuziv jamiyat qurish, mojarolarning oldini olish va hal qilish, tinchlikni saqlashda juda muhim ahamiyatga ega ekanini tan oldi. Xotin-qizlarning ishtirokiga asoslangan “Tinchlik va xavfsizlik global kun tartibi” dunyo boʻylab ularning ahvoli sezilarli darajada yaxshilanishi uchun turtki boʻlib xizmat qiladi.
Xalqaro va mintaqaviy ayollar platformalari va uyushmalarining tajribasi Markaziy Osiyo yetakchi ayollari Muloqoti faoliyatini takomillashtirish yoʻlidagi muhim omil boʻlib, xususan, mintaqadagi nizolarning oldini olish va tinchlikni mustahkamlash ishlarida ayollarning ishtirokini targʻib qilishda Muloqotning rolini oshiradi.
Tadbir davomida Qoʻshma bayonot qabul qilinib, unda Muloqot faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri, yaʼni, Markaziy Osiyo boʻylab ayollarning bunyodkorlik va tinchlikparvarlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishning samarali usullarini ishlab chiqish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga koʻmaklashish muhim ekani taʼkidlandi. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik global kun tartibi”, 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibi, Global maqsadlarga erishish uchun harakatlar oʻn yilligi va BMT shafeligida ishlab chiqilgan boshqa meʼyoriy hujjatlarga sodiqligi taʼkidlandi.
Davra suhbati ishtirokchilari tajriba almashish maqsadida Muloqotning boshqa mintaqaviy va global WPS platformalari va koalitsiyalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishiga qiziqish bildirdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.