Ushbu murakkab ijtimoiy-siyosiy hodisalarni ilmiy asosda tahlil qilish, ularning kelib chiqish sabablari va namoyon boʻlish shakllarini chuqur oʻrganish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri boʻlishi bilan birga, zamon talabi hamdir. Shu jihatdan, “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi va koʻrinishlari” nomli monografiya zamonaviy ilmiy-ommabop adabiyotlar orasida alohida ahamiyat kasb etadi.

Mualliflar Qahramon Quronboyev va Sarvarjon Gʻafurov avvalboshda: “Radikalizm, birinchi navbatda, shaxs ongi va dunyoqarashini oʻzgartirishga qaratilgan mafkuraviy taʼsirlar majmui. Koʻp hollarda radikal taʼsirlarga berilgan shaxslar oʻzi ishongan gʻoyalarga sadoqatli, ruhan tetik, qatʼiyatli koʻrinadi. Aslida esa, ularning dunyoqarashida, tashqi va ichki hissiyot oʻrtasida kuchli raqobat kurashi kechadi. Ularning ongida taranglik, ruhiy beqarorlik kuzatiladi”, deya radikal kayfiyatning qiyofasini ochib berishadi. Darhaqiqat, kishi ongi, tafakkuri mislsiz kuch ekanligi barchaga birdek ravshan. Insonni shaxsiy rivojlanish yoxud millat manfaati uchun jon koyitishga chorlaydigan narsa ham shu ong va ong ostida yetiladigan fikr, bilʼaks, uni buzgʻunchilikka, turli gʻayriinsoniy xatti-harakatlarga jalb etadigan narsa ham shu fikr. Shunday ekan, tan bilan birgalikda ruhiyat himoyasining ahamiyati bugun har doimgidan ham dolzarbroq.

Kitobda radikalizm tushunchasining mazmun-mohiyati batafsil ochilib, uning tarixiy ildizlari, ijtimoiy-siyosiy tabiatiga oid ilmiy qarashlar, shuningdek, ekstremizm bilan oʻzaro bogʻliqligi atroflicha yoritilgan. Mualliflar radikalizmni faqatgina siyosiy hodisa sifatida emas, balki kengroq ijtimoiy-psixologik va mafkuraviy jarayon sifatida talqin etadi. Shuningdek, radikalizm va ekstremizm oʻrtasidagi farq va oʻxshashliklar aniq misollar orqali izohlanadi. Bu esa oʻquvchiga mazkur tushunchalarni chalkashtirib yubormaslik, ularning mohiyatini toʻgʻri anglash imkonini beradi.

Ayniqsa, radikalizmning kelib chiqish omillariga bagʻishlangan tahlillar eʼtiborga loyiq. Iqtisodiy tengsizlik, ijtimoiy adolatsizlik, siyosiy beqarorlik, maʼnaviy boʻshliq kabi omillar radikal kayfiyatlarning shakllanishiga zamin yaratishi ilmiy dalillar asosida koʻrsatib berilgan. Bu yondashuv kitobning hozirgi paytdagi amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.

Mualliflar radikal mafkuralarning shakllanishida taʼlim tizimi, ommaviy axborot vositalari, diniy tashkilotlar va ijtimoiy tarmoqlarning rolini alohida koʻrsatib oʻtadi. Ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalari orqali radikal gʻoyalar tarqalishining tezlashuvi bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri sifatida baholanadi.

Monografiyada radikal harakatlarning tashkiliy tuzilmalari hamda faoliyat yoʻnalishlari ham keng yoritilgan. Mualliflarning fikricha, radikalizmga qarshi kurashishda faqat kuch ishlatish usullari bilan cheklanib qolmasdan, mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, yoshlarni toʻgʻri tarbiyalash va ijtimoiy adolatni taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Bu fikrlar zamonaviy siyosiy strategiyalar bilan hamohangdir.

Bugun zamonaviy yoshlarda turli-tuman qadriyatlar va yoʻnalishlarni tanlash imkoni bor. Turgan gap, bunday sharoitda ularda har xil hayotiy pozitsiya shakllanadi. Ayrim yoshlar ijtimoiy hayotga osonlik bilan moslashsalar, boshqalari bu jihatdan qiynalishlari mumkin, hatto buzgʻunchi gʻoyalar qurboniga aylanishi hech gap emas. Shu bois, kitobda: “Yetishib kelayotgan yosh avlodni xalqning urf-odatlari asosida tarbiyalashning ahamiyati cheksiz. Bu borada eʼtiborsizlik, aniq maqsad va vazifalardan chetga ogʻish qimmatga tushishi mumkin. Yoshlarda vatanparvarlik fazilatini shakllantirish jamiyatning barqaror kelajagi poydevori boʻlib xizmat qiladi”, deya taʼlim-tarbiya hozirgi kunda ham ulugʻ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy aytganidek hamon, “yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasi” boʻlib qolayotgani uqdiriladi. Inchunin, mamlakat rivoji, xalqning baxt-saodati va barkamolligi ham kelajak avlod qoʻlidadir. Kelajak avlod qancha yaxshi tarbiya koʻrgan boʻlsa, davr, zamon ham shuncha yaxshilik tomon oʻzgaradi, tabiiyki, farovonlik ortib boradi.

Radikal harakatlarning amaliy koʻrinishlari va ularning jamiyat hayotiga taʼsirini tahlil qilish, global va mintaqaviy darajadagi radikal harakatlar misolida ularning faoliyati, strategiyalari va maqsadlarini ochib berish kabi muhim omillar monografiyaning ilmiy-amaliy qimmatini nihoyat darajada oshiradi. Ayniqsa, radikal guruhlarning yoshlar ongiga taʼsir koʻrsatish usullari, targʻibot mexanizmlari va psixologik yondashuvlari chuqur tahlil qilinganligi monografiyadan profilaktika choralarini ishlab chiqishda muhim manba sifatida foydalanish imkonini beradi.

Mualliflar radikalizmning jamiyat barqarorligiga salbiy taʼsirini aniq faktlar va misollar bilan keltirib oʻtish bilan birga, mafkuraviy boʻshliq, madaniy vakuumning yuzaga kelishi, davlat va jamiyatda maʼnaviyat va maʼrifatning yetarli shakllanmagani, milliy birdamlik, bagʻrikenglik tamoyilining amal qilmasligi, qashshoqlik, iqtisodiy nochor umr kechirayotgan toifa vakillarida hayot tarzidan norozi boʻlish, tushkunlik, jaholat, savodsizlik, ilmsizlik oqibatida aholi, ayniqsa, yoshlarning turli siyosiy, diniy targʻibot va tashviqotlarga osonlikcha ishonishi, tashqi va ichki siyosiy, ijtimoiy taʼsirlar, mahalliy qadriyatlarga yot boʻlgan mafkura va gʻoyalarning singdirilishi natijasida mavjud vaziyatga nisbatan norozilik kayfiyatining ortishi, radikalizm targʻiboti bilan shugʻullanadigan harakatlarga qarshi tura oladigan infratuzilmaning mavjud emasligi jamiyatda ushbu oqimning paydo boʻlishiga asosiy sabablar sifatida sanab oʻtadi.

Mazkur asarning eng katta yutuqlaridan biri sifatida uning har tomonlama asoslanganligini koʻrsatib oʻtish mumkin. Muallif radikalizm muammosini faqat bir yoqlama emas, balki siyosiy, ijtimoiy, mafkuraviy va psixologik jihatlar uygʻunligida koʻrib chiqadi. Darhaqiqat, radikalizmga bir yoqlama tushuncha sifatida yondashmaslik lozim. Chunki davlat tuzilmasi boʻladimi yoinki ijtimoiy munosabatlarmi, qadriyatlar tizimi boʻladimi, radikalizm mavjud tartibni tubdan, keskin oʻzgartirishga olib kelishi hech gap emas. Shunday. Kitobda radikalizm faqat tahdid emas, balki jamiyatdagi chuqur muammolarning aks sadosi ekanligi, bu koʻp qatlamli fenomenni anglash koʻpqirrali yondashuvni talab etilishi aytib oʻtiladi. Buning uchun esa nafaqat radikalizmning oqibatlariga qarshi kurashish, balki uni yuzaga keltirayotgan sabablarni ham bartaraf etish zarur.

Kitob mualliflari radikalizmga qarshi kurashishning samarali yoʻllari sifatida taʼlim, maʼnaviyat va huquqiy tizimni takomillashtirish zarurligini taʼkidlab:

– milliy, etnik, diniy, ijtimoiy muammolarni oʻziga asos qilib olib, siyosiy manfaatlarni koʻzlagan radikal guruhlar faoliyatini nazoratga olish va bartaraf etish;

– mintaqaviy va global miqyosdagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etish, globallashuv sharoitida muammolarning chegara bilmas xarakterga ega ekaniga eʼtibor qaratish;

– aholi noroziligini uygʻotishi mumkin boʻlgan ijtimoiy muammolarni tezkor hal etish orqali radikal faoliyat yoʻlini toʻsish;

– mintaqaviy va global muammolarni oʻrganish, tahlil qilish, ularning yechimiga doir taklif-mulohazalarni berib borish;

– Oʻzbekistonning mintaqaviy va jahon davlatlari bilan barqaror taraqqiyot, global xavfsizlikni taʼminlash borasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish kabi vazifalarni amalga oshirish muhim ekanini taʼkidlaydi.

Mazkur asar radikalizmga qarshi kurashish, yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish hamda jamiyat barqarorligini taʼminlash yoʻlida muhim ilmiy-amaliy manba boʻlib xizmat qiladi. Prezidentimiz shu yilning 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishida: “Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan oʻzgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib gʻalaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda”, deya barchani ogohlikka chorlab, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini bejiz taʼkidlamadilar.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda mahalla institutiga tayangan holda keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu choralar, asosan, profilaktika, taʼlim va ijtimoiy reabilitatsiyaga yoʻnaltirilgandir. Misol uchun, “Mahallabay” ishlash tizimi orqali har bir mahallada “yettilik” (mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori) tashkil etilib, ular hududdagi diniy va ijtimoiy vaziyatni monitoring qilib boradi. Bu boradagi yana bir chora-tadbir ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishdir. Radikal gʻoyalarga berilgan yoki shunday xavfi boʻlgan shaxslar bilan mahalla faollari, diniy ulamolar va nuroniylar suhbatlar oʻtkazadi, ularning ijtimoiy muammolarini hal etishga koʻmaklashadi. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida esa mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, hududlarni kuzatuv kameralari bilan jihozlash va kunu tun patrul xizmati tizimi kuchaytirilgan.

Ayniqsa, yoshlar yetakchilari orqali yoshlarni vaqtinchalik ish bilan taʼminlash, hunar oʻrgatish va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ularni yot gʻoyalar taʼsiridan asrash choralari koʻrilmoqda, har bir yoshning qiziqishi, iqtidori va muammosi alohida oʻrganilib, ishsiz yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, lozim boʻlsa, ularga yer ajratish va talab yuqori boʻlgan kasblarga ixtisoslashtirmoqda. Bu chora-tadbirlar radikalizmning oldini olishda ijtimoiy muhitni mustahkamlash va inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan boʻlib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashda katta samara beradi.

Kitobda nazariy qarashlar amaliy misollar bilan boyitilgan boʻlib, bu oʻquvchi uchun mavzuni yanada tushunarli qiladi. “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi va koʻrinishlari” kitobi tilining sodda va ravonligi, fikrlarning izchil bayon etilganligi bilan nafaqat talabalar, ilmiy tadqiqotchilar, siyosatshunoslar, huquqshunoslar, shuningdek, keng kitobxonlar auditoriyasi uchun ham foydali manbadir.

Sirasini aytganda, “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi va koʻrinishlari” monografiyasi zamonaviy davrning eng dolzarb muammolaridan birini chuqur va har tomonlama yoritgan muhim ilmiy-ommabop asar boʻlib, Yangi Oʻzbekistonning tinchlik va barqarorlikka asoslangan taraqqiyot yoʻlida mafkuraviy xavfsizlikni mustahkamlash, yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish hamda jamiyatda ogohlik va masʼuliyat tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qilishda ayricha ahamiyat kasb etadi.

Nurilla Choriyev,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi