Qahramonimiz “Vang‘ozi Humo Textile” ishlab chiqarish korxonasiga rahbarlik qilib kelmoqda. “Ishbilarmon ayol — 2021” ko'rik-tanlovida 2-o'rin sohibasiga aylandi.

Ziyoli, o'ziga to'q xonadonga kelin bo'lib tushgan Shahnoza asli tibbiyot sohasida tahsil olgan. Tadbirkorlikka qiziqishi esa tasodifan paydo bo'lgan.

— Navoiy viloyatining men kelin bo'lib tushgan joyida qandolatchilik do'koni yo'qligini ko'rganimdan so'ng shu yerda qandolatchilik sexini ochishga qaror qildim, —  deydi u. — Ishlarni boshlab olgach, asta-sekin kengaytirdik. Hozir sexda 8 nafar xotin-qiz ishlaydi. To'y-tomoshalarda dasturxonga tortiladigan barcha turdagi pishiriqlarni tayyorlashni yo'lga qo'yganmiz.

Bolalagidan tikuvchi onasining ishlarini o'rganib, o'zi ham bichish-tikish bilan shug'ullangan Shahnoza bu hunarni ham davom ettirishni istadi. Tuman hokimligi tadbirkorga Prezident qarori bilan hududlarda barpo etilayotgan yengil konstruksiyali inshootlardan birini lizing asosida 5 yil muddatga olishni taklif qilib, unga ishonch bildirdi. “Navoiy baraka chevarlari” MCHJ 100 ish o'rinli tikuv binosini tadbirkorga 60 ta tikuv mashinasi bilan birga tayyor holda topshirdi.

Shu tariqa Shahnoza 2020-yil sentyabr oyidan tikuv korxonasida ishlarni boshlab yubordi. “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kirgan 73 nafar xotin-qizni ish bilan ta'minladi. Bugungi kunda qo'li gul chevarlar barcha turdagi trikotaj mahsulotlari hamda 16 xil maxsus erkaklar kiyimlarini tikib, xaridorlarga yetkazib bermoqda. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar, asosan, Rossiyaga eksport qilinadi.

— Tadbirkorlik ayollar uchun oson soha emas, qiyinchiliklar bo'lib turadi, — deydi Shahnoza. — Korxonani ishga tushirgan ilk vaqtlarimda ayollarni eksport talabiga javob beradigan darajada tikish, zamonaviy mashinalarda ishlashga qo'lini o'rgatguncha qiynalganman. Shuning uchun boshida ko'p mahsulotlarimiz yaroqsizga chiqqan. Biroq hozir tikuvchilarimning qo'llari ancha kelishib qolgan. Biz, asosan, erkaklar kiyimlarini tikamiz. Bu borada tajribam bo'lmagani bois, ustozim — “Primier textile”, “Sardoba textile” korxonalari rahbari Murod Pirmuhammedovdan ko'p narsa o'rgandim. Kiyimlarning dizayni, namunalarini ham u kishidan olamiz. Undan cheksiz minnatdorman.

Qahramonimizning o'zi ham qandolatchilik va tikuvchilik sohasida ellikdan ortiq shogird chiqargan. Turmush o'rtog'i bilan 3 farzandni tarbiyalayotgan ayol oilada moddiy qiyinchiligi bo'lmasa-da, mehnat qilishni, odamlarni ish bilan ta'minlashni istaydi. Oilasi ham uni doim qo'llab-quvvatlaydi.

Tabiatan qiziquvchan Shahnoza tadbirkorlikning turli yo'nalishlarida o'zini sinab ko'rishdan cho'chimaydi. Hozir hovlisida 30 ta tovug'i bor. Ko'rik-tanlovda tanishgan fermer ayollarga havas qilib, o'zi ham ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi tashkil etish niyatida.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri