Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 2025-yil aprel oyida sodir boʻlgan ommaviy mushtlashuv yuzasidan sud hukmi eʼlon qilindi.
TIV matbuot kotibining maʼlum qilishicha, mazkur ish boʻyicha 8 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga 2026-yil 21-yanvar kuni sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish, yana bir fuqaroga esa 25-yillik qamoq jazosi tayinlangan. Oʻlim jazosi qoʻllanilmagan.
Maʼlumot uchun, 2025-yil aprel oyida Dubaydagi yoqilgʻi quyish shoxobchalaridan birida oʻzbekistonliklardan iborat ikki guruh oʻrtasida toʻqnashuv sodir boʻlgan. Hodisa oqibatida ikki nafar shaxs vafot etgan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, avvaldan kelishmovchiligi boʻlgan guruhlar tasodifan uchrashib qolgan. Dubay politsiyasi kuzatuv kameralari va guvohlar koʻrsatmalari asosida gumonlanuvchilarni tezkor tarzda qoʻlga olgan. Ushbu ish doirasida jami 15 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ushlangani xabar qilingan.
Mazkur voqealar ortidan Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi bunday holatlar ikki davlat oʻrtasidagi vizasiz tartibga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligidan ogohlantirgan. Oʻzbekiston TIV esa fuqarolarni xorijda mamlakat obroʻsiga putur yetkazuvchi harakatlardan tiyilishga chaqirgan.