Prezidentning joriy yil 3 fevraldagi “2023-2025 yillarda Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, viloyatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh turgan davlat aktivlari, mavjud tabiiy resurslar zaxiralari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer toifasidagi maydonlar va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda investitsiyalarni jalb qilish hisobiga qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi daromadini oshirish maqsad qilindi. Katta-katta loyihalarga start berildi. Natijada viloyatda mavjud imkoniyatlardan keng foydalanishga yo‘l ochildi.
Xususan, yuqoridagi qarorda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda tegishli yer qa’ri uchastkalarini 2023 yil 1 mayga qadar auksion savdolarga chiqarishni ta’minlashi belgilangan edi. Bugungi kunda bu vazifa bosqichma-bosqich bajarilib, yer qa’ri uchastkalari auksion savdolar orqali tadbirkorlarga sotildi va sotish ishlari davom ettirilmoqda.
Yakkabog‘ tumanining tog‘li hududidagi Guldara qishlog‘ida ham kattagina ko‘mir koni mavjud. Bu kon shu paytgacha o‘zlashtirilmagan. Yuqoridagi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida sotuvga chiqarilgan ko‘mir koni bugungi kunda tadbirkor tomonidan sotib olinib, ayni paytda dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda.
— Viloyatda import mahsulotlarga bo‘lgan talabni mahalliy xomashyolar hisobidan qoplash bo‘yicha ham muayyan ishlar qilinmoqda. Jumladan, Yakkabog‘ tumanida ko‘mir zaxirasi mavjud 2 ta istiqbolli uchastkadan samarali foydalanish boshlanmoqda, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimining mahalliy sanoat bo‘yicha yordamchisi Nodir Hamroyev. — Ushbu ko‘mir konining bittasini auksion orqali “Yakkabog‘ coal industry” mas’uliyati cheklangan jamiyati sotib olgan. Hozir konga eltuvchi avtoyo‘l qurilmoqda. Bu ishlar yakuniga yetgach, ko‘mir qazish boshlab yuboriladi. To‘liq quvvatda ishga tushgach, kondan yiliga 300 ming tonna ko‘mir qazib olinadi. Joriy yilda korxona tomonidan 6 million dollar investitsiya jalb qilinishi natijasida ko‘mir qazish va saqlash tashkil etilib, 100 kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, Vori qishlog‘idagi ikkinchi ko‘mir koni ham auksion orqali sotildi. “Uber labs” MCHJ tomonidan xarid qilingach, ushbu konda ham dastlabki bosqich ishlari bajarilmoqda. Bu yerda yiliga 400 ming tonna ko‘mir qazib olinadi. Shu bilan birga, 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu konlarning umumiy zaxirasi, dastlabki xisob-kitoblarga ko‘ra, 6,6 million tonnani tashkil etadi. Hozir tadbirkorlar konlardagi xomashyoni qazib olish maqsadida infratuzilma tarmoqlarini yaratishni boshlab yuborgan.
Viloyatdagi kon zaxiralariga xorijiy investorlarni jalb etish ishlari ham faol. Xususan, Avstriyaning “Lasselsberger” kompaniyasi tomonidan Kitob va Chiroqchi tumanlaridagi konlarda geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu bo‘yicha kompaniya rahbari va viloyat hokimi o‘rtasida kelishuvga erishilib, memorandum imzolandi. Ushbu loyiha natijasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va eksportbop sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga erishiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati xududida bugungi kunda 20 turdan ortiq noruda materiallarga ega kon uchastkalari mavjud. Hozirgi paytda viloyatda foydali konlarning 150 tasidan olingan xomashyo asosida qurilish materiallari sanoati uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Sohaga berilayotgan e’tibor o‘laroq, zaxiralarni aniqlash va unga tadbirkorlarni jalb etish ishlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Masalan, ishga tushirilgan konlarning 50 tasi yoki 30 foizi so‘nggi 3 yilda o‘zlashtirildi. Buning natijasida 1800 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatning jami sanoati tarkibida tog‘-kon sanoati ulushi hozir 7,5 foizni tashkil etadi. So‘nggi 3 yilda ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan korxonalar soni ham 105 tadan 150 taga ortdi.
Sohaga xorijiy investorlar tomonidan 150 million dollarlik sarmoya jalb etildi. Pirovardida sement, ohaktosh, marmarlashgan tosh, gips, kvars qumi, bentonit, mikrokalsit, dolomit kabi mahsulotlar tayyorlash hajmi oshirildi.
Joriy yilda mavjud xomashyo zaxiralarini qayta ishlash bo‘yicha qiymati 618,7 milliard so‘mlik 65 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, ushbu loyihalarning 16 tasi ishga tushirildi. Natijada 171 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, kelgusida sement ishlab chiqarish va ko‘mir qazib olish bo‘yicha ham 137 million dollarlik yirik loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Yuqoridagi qarorda belgilanganidek, viloyatdagi noruda qazilmalarni o‘z ichiga olgan 47 ta yer qa’ri uchastkasi ro‘yxati shakllantirilib, auksion savdolarga chiqarildi.
Hozir auksion savdolar orqali konlarga egalik huquqini qo‘lga kiritgan tashabbuskorlar bilan qurilish materiallari yo‘nalishida investitsiya loyihalari shakllantirilmoqda.
— Joriy yilda Kitob tumani hududidagi marmar va ohaktosh konini auksion orqali sotib oldik, — deydi “Safit carb” qo‘shma korxonasi rahbari Bahrom Obidov. — Jami o‘ttiz besh milliard so‘m investitsiya kiritib, marmartoshni qayta ishlash zavodi qurishni boshladik. Bugungi kunda jami oltmish besh nafar mahalliy aholi bandligi ta’minlangan. Yangi zavodimiz ishga tushgach, yana o‘n kishi uchun ish o‘rni yaratiladi.
Vohada bu yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan hamkorlikda malakali mutaxassislarni jalb etgan holda Dehqonobod, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarida yangi istiqbolli uchastkalarda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Qashqadaryo viloyatida tog‘-kon sanoatini rivojlantirish orqali bu yo‘nalishni vohaning drayveriga aylantirish borasida tizimli ishlar davom etmoqda.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri