Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 barobar ortdi

    2017-2022-yillarda Oʻzbekistonga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 barobarga ortdi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2022-yillarda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ishlar va ularning natijasini tahlil qildi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va iqtisodiyotga yanada koʻproq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, qonunchilikda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yangi “Soliq kodeksi”, “Investitsiya va investitsion faoliyat toʻgʻrisida”gi hamda “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.

    Investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish uchun Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etildi hamda “investitsiya krediti”, “investitsiya subsidiyasi” va “investitsion viza” kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.

    Mamlakatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar soni 2017-yil boshida 3 tani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib 22 taga yetdi. Ulardan 12 tasi sanoat, 6 tasi farmatsevtika, 2 tasi turizm, 2 tasi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan.

    Qonunchilikdagi oʻzgarishlar va yaratilgan imkoniyatlar mamlakatdagi investitsiya muhitiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Masalan, Oʻzbekiston 2019-yilda ilk bora Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ning “Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi”ga kiritildi va ushbu indeksga koʻra, 2020-yilda jahonda 43-oʻrinni, Osiyo mintaqasida 7-oʻrinni qayd etdi.

    2017-2022-yillarda Oʻzbekiston xalqaro Iqtisodiy erkinlik indeksi umumiy reytingida oʻz oʻrnini 31 pogʻonaga yaxshilab, 148-oʻrindan 117-oʻringa koʻtarildi.

    Mamlakatimizga kiritilayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yilda 2,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil yakunida ushbu koʻrsatkich 1,5 barobar ortib, 3,3 milliard AQSH dollariga yetdi.