Tojikiston va Qirgʻizistondan keltirilgan giyohvandlik vositalari musodara qilindi

    Xavfsizlik 15 Dekabr 2023 613

    Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Tojikiston hamda Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida, Toshloq tumanida yashovchi, 2006-y.t. shaxsning yashash xonadoni koʻzdan kechirildi.

    Natijada, ushbu manzilda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 27 kg. 573 gr. “gashish” va 3 kg. 967 gr. “opiy” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

    Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Xususan, Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 1986-y.t. fuqaro Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh viloyatida istiqomat qiluvchi, 1984-y.t. shaxs bilan oʻzaro til biriktirib, 1 kg. 806 gr. “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini xaridorga 80 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi fuqaroning uyidan ham 2 kg. 698 gr. “Mefedron” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Taʼkidlash lozimki, ushbu sintetik narkotik moddalar Qirgʻiz Republikasidan olib kelingan.

    Boshqa holatda esa Andijon tumanida yashovchi, 1992-y.t. shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina toʻxtatildi.

    Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar turkumiga kiruvchi 2800 dona “Regapen” va 957 dona flakonda “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

    Ushbu kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ham sotish maqsadida aylanma yoʻllar orqali Qirgʻiz Republikasidan olib kelingan.

    Hozirda ushbu holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.