Kecha Tojikiston Agrar partiyasining (ART) Favqulodda qurultoyi boʻlajak 11-oktyabr saylovlarida prezidentlikka birinchi nomzod nomini eʼlon qildi, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

NIAT “Xovar” xabariga koʻra, ART raisi Rustam Latifzoda prezidentlikka nomzod qilib koʻrsatilgan.

Davlat rahbari lavozimiga nomzod 1960-yil 27-noyabrda Tojikistonning Xatlon viloyatida tugʻilgan. Tojikiston agrar universitetini va Sankt-Peterburgdagi konchilik institutini tamomlagan. Yillar davomida u vazirliklar va idoralarda, parlamentda yetakchi lavozimlarda ishlagan. Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari bilan shugʻullangan. 2014-yildan buyon ART raisi.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, prezidentlikka nomzodlar belgilangan tartibda roʻyxatga olingan siyosiy partiyalar, Mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Yoshlar ittifoqining syezdlarida, shuningdek, Togʻli Badaxshon Muxtoriyatining Xalq deputatlari Majlisida, Soʻgʻd va Xalton viloyatlari, Dushanbe shahrida hamda xalq tasarrufidagi shahar va tumanlarning xalq deputatlari majlislarida koʻrsatilgan boʻlishi zarur.

Konstitutsiyaga koʻra, prezident 7 yil muddatga saylanadi. Prezidentlikka nomzod kamida 30 yoshga toʻlgan , faqat Tojikiston Respublikasi fuqaroligiga ega, oliy maʼlumotli, davlat tilini biladigan va kamida oxirgi 10 yil davomida respublikada istiqomat qilgan boʻlishi kerak.

Bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq prezident boʻla olmaydi. Ushbu cheklash Tinchlik va Milliy birlik asoschisi – Millat lideri Emomali Rahmonga taalluqli emas.

Davlat boshligʻi uchun yangi saylovlar kuni 6-avgust kuni oltinchi chaqiriq Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasining qoʻshma majlisida belgilanadi.

Tojikiston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 3-sentyabr kuni Tojikistonda hukmron boʻlgan Xalq demokratik partiyasining navbatdan tashqari XIV qurultoyi boʻlib oʻtadi.Undagi asosiy masala prezident saylovlariga yangi nomzodni koʻrsatishdir.