Tojikistonda vatandoshlar uchun tashkil etilgan tadbirlar doirasida ilk bor "Zakovat" intellektual o‘yini o‘tkazildi

    "Vatandoshlar" jamoat fondi tomonidan turli davlatlarda vatandoshlarimiz uchun tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Tojikiston Respublikasida tashkil etildi.

    Tadbirga ikki xalqning madaniyat, san’at va adabiyoti vakillari, shuningdek ilk bor “Zakovat” intellektual klubi va Xalqaro press-klub jamoalari, shuningdek, OAV vakillari taklif etildi.


    Dastlab, 22-may kuni O‘zbekistonning Dushanbe shahridagi elchixonasi binosida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, O‘zbekiston hamda Tojikiston yozuvchi va ziyolilari uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. So‘ng vatandoshlar jamoalari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.


    “Zakovat” o‘yini g‘olib jamoasining har bir a’zosiga Fond tomonidan kompyuter, Elchixona binosi uchun milliy liboslar va atributlar hamda o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar, Dushanbe shahridagi o‘zbek tili maktabiga milliy atributlar hamda o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar taqdim etildi.


    23-may kuni Xatlon viloyatining Boxtar shahrida O‘zbekistonda tug‘ilib, Tojikistonda ikki tilda ijod qilgan shoir O‘lmas Jamol tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha tashkil etildi.


    Kechada shoirning “Vatandoshlar” jamoat fondi ko‘magida nashr etilgan “O‘zim dunyo aro dunyo” nomli saylanma kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir davomida Boxtar davlat universiteti, Boxtar markaziy kutubxonasi hamda 3 ta o‘zbek tili maktablariga o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar jamlanmalari topshirildi.


    24-may kuni esa tadbirlar So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida davom etdi. Tumandagi Shukur Burhonov nomidagi yagona o‘zbek tilidagi teatrda madaniy tadbir tashkil qilindi. Tadbir davomida Fond tomonidan teatr jamoasi uchun zamonaviy musiqiy texnikalar, milliy atributlar hamda Spitamen tumanidagi 20 ta o‘zbek tili maktablariga o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar jamlanmasi taqdim etildi.


    Zebuniso Sattarova, Xatlon viloyatidagi faol vatandosh:


    – Azal-azaldan o‘zbek-tojik xalqlari do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan. Viloyatimizda ijodkor vatandoshlar ko‘p, ammo so‘nggi o‘ttiz yil davomida vatandoshlar ishtirokidagi bunday adabiy kechalar o‘tkazilganini eslay olmayman. Bu tadbirlar biz – vatandoshlar uchun yana bir umid, ona vatanimiz bilan faxrlanish tuyg‘usining yanada jo‘sh urishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi tadbirlar yildan yilga ortaversin.


    Yoqubjon Abdumannonzoda, “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri:


    – Tojikistonda O‘lmas Jamol xotirasiga ko‘rsatilgan hurmat va e’tibor bu yerda istiqomat qilayotgan nafaqat biz – ijodkorlar, balki vatandoshlarimizga ham eng manzur sovg‘a bo‘ldi. Ayniqsa, o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar o‘quvchilarni juda quvontirdi. Ular ona vatani ularni hamisha yodda tutib turishiga bir belgi ekanini anglagan bo‘lsa, ne ajab! "Vatandoshlar" jamoat fondi tomonidan tashkil etib kelinayotgan bu kabi tadbirlar ikki qardosh xalqning do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashiga, vatandoshlarni ona vatani bilan g‘ururlanishiga xizmat qiladi.


    Marhabo Yunusova, Dushanbe shahridagi 103-maktab direktori:


    – So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanib borayotgani nafaqat vatandoshlar hayotida, balki mehnat faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. “Zakovat” intellektual o‘yini maktabimiz o‘quvchilarida ajoyib tassurot qoldirdi. Bu ularni o‘qishga, O‘zbekiston haqida ko‘proq ma’lumotlar o‘rganishga ishtiyoqini oshirgani shubhasiz. Ayniqsa, maktabimiz uchun taqdim etilgan adabiyotlar va atributlar yosh vatandoshlarning ana shu ilhomini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.


    Ufoda Habibullayeva,

    "Vatandoshlar" jamoat fondi Axborot xizmati rahbari