Tojikistondan olib kelingan qariyb 50 kg “opiy” giyohvandlik vositasi musodara qilindi

    Voqea-hodisalar 14 Iyun 2025 630

    Maʼlumotlarga koʻra, mazkur giyohvandlik vositasi kelgusida Xorazm viloyati hududida sotilishi rejalashtirilganligi aniqlangan.

    Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi, 1990-y.t. fuqaro 49 kg 599 gr “opiy” moddasini oʻzining boshqaruvida boʻlgan DAF rusumli yuk avtomashinasining yukxonasidagi xufiyona joyga yashirgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumaniga olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlandi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasi kelgusida Xorazm viloyati hududida sotilishi rejalashtirilganligi maʼlum boʻldi.

    Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasining 2-qismi va 273-moddasining 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Shuningdek, tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash boʻyicha ham zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.