Barchamizga maʼlumki, soʻnggi yetti yilda oʻzbek-tojik xalqlari oʻrtasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu joriy yil 4-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan Turkmanistonda oʻtkazilgan Ashxobod sammitida ham alohida etirof etildi. Albatta, Tojikiston bilan yaqin hamkorlikdagi islohotlar chegaradosh hududlarga ham anchagina qulaylik yaratmoqda. Birgina Fargʻonaning Tojikiston bilan chegaradosh hududi hisoblangan Beshariq tumanida ham keyingi yillarda ikki millat oʻrtasidagi bordi-keldi ancha rivojlandi, quda-andachilik rishtalari yanada mustahkamlandi.

Bugun ana shu islohotlar natijasi tufayli Beshariq tumani hokimi Rasuljon Joʻrayev hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev tashabbusi bilan Tojikiston Respublikasining Beshariq tumani bilan chegaradosh Konibodom shahridan 50 nafar yoshlar hamda 10 nafar faxriylar Fargʻona viloyatida salomatliklarini tiklashlari uchun viloyatning tabiati barhavo, soʻlim goʻshasiga olib kelindi.

Konibodom shahar hukumati raisi Abdusalom Toʻxtasinzoda boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Beshariq tumanidagi “Andarxon” chegara-bojxona postida oʻzbekona lutf ila karnay-surnay sadolari ostida non-tuz bilan kutib olindi.

50 nafar yoshlar Beshariq tuman Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufidagi “Tovul” bolalar oromgohiga joylashtirildi. Ushbu oromgohda ikki millat bolalari uchun “Doʻstlik oromgohi” tashkil etildi. Ularning bu yerda maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etildi. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport oʻyinlari va viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirish rejalari ishlab chiqildi. Bolajonlar oʻzbek tengdoshlari bilan tez til topishib, doʻst tutinishdi. Birgalikda shashka va stol tennisi oʻynashga kirishishdi.

Tojikistonlik mehnat faxriylari esa tumandagi “Oltin koʻl” sihatgohiga joylashib, soya-salqin va tabiati musaffo joyda yoʻl charchogʻi ham bir zumda unutib, shukronalar keltirishdi.

Tojikistonlik mehmonlar 12 kun davomida Fargʻonada maroqli hordiq chiqaradilar. Shuningdek, ular vodiy gavhari Fargʻona viloyati bilan yaqindan tanishtiriladi, viloyatdagi tarixiy obidalar, muzey va diqqatga sazovor joylarga sayoxatlar uyushtiriladi.

Oʻylaymizki, kichik boʻlsa-da bu kabi tadbirlar oʻzbek-tojik xalqlari azaldan yaqin birodar ekanining bir koʻrinishi boʻlib, tojik doʻstlarimiz bilan yanada ittifoq yashashimizga zamin yaratadi.

Shohsulton Toʻxtamatov,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

Fargʻona viloyati kengashi raisining

Yoshlar masalalari boʻyicha maslaxatchisi