Namoyish Tokio sanʼat saroyining sharqiy teatr zalida 3 kun davomida ikki mahaldan oʻtkazildi. Unda Oʻzbekistondan taniqli baxshi Axror Xushvaqtov ishtirok etdi.
Madaniy taqdimotda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etib, tashkilotchilarga 2021-yilda jahon nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan baxshichilik sanʼatini kunchiqar yurtga keng targʻib etishga salmoqli qoʻshgangan hissalari uchun minnatdorlik bildirdilar.
Loyiha direktori Akiko Kitamuraning taʼkidlashicha, xalq ogʻzaki ijodining goʻzal va betakror namunasi boʻlgan baxshichilik sanʼati doʻmbiraning jarangdor tovushi, uning torlaridan taralayotgan sehrli kuy, baxshining shirali ovozi inson qalbini beixtiyor toʻlqinlantirishi bilan ajralib turadi. “Oʻzbek baxshichiligining «Echoes of Calling” loyihasi bilan uygʻunlashtirilganligi unga oʻzgacha shukuh baxsh etdi», dedi u.
Axror baxshi Xushvaqtov ilk bor xorijiy loyihada ishtirok etayotganini, yapon ijodkorlari bilan hamkorlikda oʻzbek dostonlarining zamonaviy talqinlarini ishlab chiqilganligi uning ijodiy faoliyatida ijobiy turtki boʻlganini aytib oʻtdi. Shuningdek, u oʻzbek baxshichilik sanʼati xalqaro darajada eʼtirof etilayotganligi, xususan Yaponiyada unga boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotganidan juda mamnunligini bildirdi.
Dasturidan soʻng, Tokio shahrida joylashgan Vako universitetining professori Sakai Xironari tomonidan baxshichilik sanʼati va uning kelib chiqish tarixi toʻgʻrisida maxsus maʼruza tashkil qilindi.
Maʼlumot oʻrnida:“Echoes of Calling” loyihasi 2020-yildan boshlab Irlandiya va Oʻzbekiston ijodkorlari bilan hamkorlikda Yaponiya Madaniyat agentliga koʻmagida ishlab chiqilgan. Loyihaning birinchi taqdimoti 2022-yil fevral oyida Tokioda oʻtkazilgan. “Echoes of Calling”ning xorijiy namoyishlari 2022-yil 21-22-noyabr kunlari Oʻzbekiston Sanʼat va madaniyat institutida hamda 27-noyabr kuni Irlandiyaning Goluey shahrida boʻlib oʻtgan.
Loyiha direktori - taniqli yapon xoreografi, raqqosasi va bastakori Akiko Kitamura boʻlib, u hozirgi kunda Yaponiyaning Nagano prefekturasida joylashgan Shinshu universiteti Sanʼat fakulteti professori sifatida faoliyat yuritadi. 1994-yildan beri musiqa va raqs yoʻnalishlarida ijod qilib, koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan. 2020-2022-yillarda Yaponiya madaniyat vakili sifatida faoliyat yuritgan.