Tolimarjon IESda yangi bug‘-gaz qurilmalari qurilishiga start berildi

    Energetika 24 Iyul 2023 1773

    Avval xabar berganimizdek, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ hamda «Tolimarjon IES» AJda Ispaniyaning «Intecsa Ingeniera Industrial S.A.» va Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari bilan 1065 MVt quvvatga ega navbatdagi bug‘-gaz qurilmalarini qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. Bugun, 24-iyulda mazkur energobloklarning qurilishiga start berildi.

    Unga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar stansiyada umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib boriladi. Loyihaning bosh pudratchilari sifatida Ispaniyaning «Intecsa Ingeniera Industrial S.A.» va Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi qatnashyapti. Loyihaning umumiy qiymati 771,8 million dollarga teng.

    Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

    Loyiha amalga oshirilishi natijasida, korxona tomonidan yiliga qo‘shimcha 8,5 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 600 million kubmetr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

    Yana bir e’tiborli jihati, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1 500 tonnaga kamayadi hamda 112 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ ma’lumotiga tayanib.