Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasini barqaror ishlashi taʼminlanadi

    Energetika 29 Aprel 2022 1331

    Energetika vazirligi, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda Milliy dispetcherlik markazi bilan kelishilgan holda, 29-aprelga oʻtar kechasi tungi soat 00-51 dan boshlab “Tolimarjon IES” AJ 20-son bugʻ-gaz qurilmasida tezkor profilaktik ishlar olib borildi.

    Xususan, elektr stansiyaning markaziy taʼmirlash va qozon turbina sexi xodimlari tomonidan gaz turbinaning moy, suv va gaz filtrlarida tozalash ishlari amalga oshirildi.

    Mazkur jarayon isteʼmolchilarga noqulaylik tugʻdirmaslik, elektr ishlab chiqarish quvvatlari barqarorligiga putur yetkazmaslik maqsadida sutkaning elektr energiyasiga talab minimum boʻlgan vaqtida, yaʼni tungi soat 00:51dan boshlab amalga oshirildi.

    — Bu kabi nazorat va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishimizdan asosiy maqsad, yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti hamda 9-may “Xotira va qadrlash kuni” bayramlari kunlarida isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlashdan iborat. Qolaversa, mazkur chora-tadbirlar ishlab chiqarish natijadorligiga va yoqilgʻi sarfi tejalishi oqibatida mahsulot tannarxi pasayishiga ham xizmat qiladi, — deydi “Tolimarjon IES” AJ bosh direktori Olim Yusupov.

    Mazkur yuqori samarador bugʻ-gaz qurilmasi bugunning oʻzida shay holatga keltirilib, ishga tushirildi va yagona energotizimga elektr energiyasini uzatib kelyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.