Toʻlovga qodir boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bankrotlik mexanizmini shakllantirish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim shartlaridandir. Bankrotlik instituti toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan qarzdorlarning tijorat faoliyatini tugatish va nochor ahvolga tushib qolgan subyektlarga faoliyatini qayta tashkil qilib, toʻlov qobiliyatini tiklash imkoniyatini beradi. Bu esa iqtisodiyotni sogʻlomlashtirishga yoʻl ochadi.
Ayni yoʻnalishda Buxoro viloyati prokuraturasi amalga oshirgan ishlar va faktlar orqali fikrimizga oydinlik kiritamiz. Viloyatda 2023-yil 1-iyulgacha toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan 559 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt iqtisodiy sudlar tomonidan bankrot deb topilgan. Ularning soliqdan qarzi 159 mlrd 707 mln soʻmga yetgan. Shundan 149 tasi davlat reyestridan chiqarilgan.
Tushuntirish ishlari, huquqiy maslahatlar samarasi oʻlaroq 15 ta korxonani tugatish jarayonida 7 mlrd 533 mln soʻm kreditorlik qarzi qoplanib, ularning faoliyati tiklandi. Bugungi kunda bankrot deb topilgan 410 ta korxonada tugatish ishlari olib borilmoqda. 2023-yil 1-iyulgacha bankrot deb topilgan korxonalarning 190 tasi MCHJ, 102 tasi fermer (dehqon) xoʻjaligi, 1 tasi AJ, 266 tasi boshqa shakldagi tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi.
Tahlillardan koʻrinishicha, 2023-yil 1-iyulgacha qarzdorning mulki yoʻqligi sababli “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunning 40-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan 826 ta korxonaning 59,3 mlrd soʻmlik ijro hujjatlari soliq organlariga qaytarilgan.
Shuningdek, sudlarga 96 ta xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan arizalar kiritilgan, bugungi kunda 31 tasi boʻyicha bankrotlikka doir ish qoʻzgʻatilgan, 65 tasi boʻyicha ish koʻrilmoqda. Biroq soliq va majburiy toʻlovlardan 23,9 mlrd soʻm qarzi boʻlgan 730 ta yuridik shaxsga nisbatan bankrotlikka oid ish qoʻzgʻatilmagani izohtalab holat. Bunga asosan Soliq qoʻmitasi tomonidan Buxoro viloyatiga sudga daʼvo arizalari kiritishda sud boshqaruvchisiga toʻlovlarni amalga oshirish uchun 23,9 mln soʻm mablagʻ ajratilmaganligi sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi 4146-qarorining 3-bandida qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartibi qoʻllanganda, agar qarzdor bilan boshqacha kelishuv belgilangan boʻlmasa, sud boshqaruvchisiga haq toʻlash xarajatlari qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik haqida ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida ariza bergan soliq organi tomonidan davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
“Huquq” portalining yozishicha, bunda sud boshqaruvchisiga haq toʻlash uchun sudning depozit hisobvaragʻiga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida oldindan toʻlov amalga oshirilishi koʻrsatilgan. Qonun talablari unutilgan joyda albatta parokandalik, ijro intizomi buzilishi kuzatiladi. Demak, qonunga rioya qilish kerak!