Yozda tonirovkaga arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin

    Hukumatning ayrim qarorlariga avtotransport vositalaridan foydalanishda qoʻshimcha qulayliklarga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    Loyihaga koʻra, «M1 toifaga oid avtotransport vositalarining orqa va old yon oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1-maydan – 31-avgustgacha beriladigan ruxsatnoma boʻyicha:

    • Jismoniy va yuridik shaxslar uchun — BHMning 1 baravari miqdorida (412 ming soʻm);
    • Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — BHMning 5 baravari miqdorida tashkil etishi koʻzda tutilmoqda.

    Bunda, qisqa muddatli ruxsatnoma uchun toʻlov ruxsatnoma rasmiylashtirilgan sanadan qatʼi nazar, toʻliq hajmda amalga oshiriladi.

    Shuningdek, orqa va old yon oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun 1-yil muddatga beriladigan uzoq muddatli ruxsatnoma boʻyicha:

    • jismoniy va yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari (3 mln 296 ming soʻm) miqdorini;
    • Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn toʻrt baravari miqdorini tashkil etishi belgilanmoqda.