Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruvlarda isteʼmolga yaroqsiz goʻsht mahsulotlarining muomalaga kiritilishining oldi olinmoqda.

Xususan, Departamentining Qibray tuman boʻlimi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar A.T. va U.X. isteʼmolga yaroqsiz 2 200 kg tovuq goʻshtini konserva mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida saqlab kelayoganliklari aniqlangan. 

Departamentining Guliston tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro O.S isteʼmolchilarning hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 961 kg qoramol goʻshtini oʻzining boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtotransport vositasida Toshkent shahridagi mijozlarga yetkazib berish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Yakkasaroy tuman boʻlimi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.S. 22 dona polietilen qopda isteʼmolchilarning hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 612 kg goʻsht mahsulotini oʻzining boshqaruvidagi “COBALT”  rusumli avtotransport vositasida Toshkent shahridagi mijozlarga yetkazib berish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Departamentning Sirdaryo tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Sirdaryo” YPX maskanidan fuqaro B.E. boshqaruvidagi “COBALT” rusumli avtomashinasida fuqaro B.U.ga isteʼmolchilar hayoti va sogʻligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 309,1 kg echki goʻshtini Toshkent shahrida sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlangan. 

Departamentning Qoʻqon shahar boʻlimi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda, fuqaro O.A. oʻziga tegishli  goʻsht va kolbasa mahsuloti ishlab chiqarish sexida hech qanday tegishli hujjatlarsiz, isteʼmolchilar hayoti va sogʻligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 240 kg qoramol va tovuq goʻshtini muomalaga kiritish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro Sh.E. oʻziga tegishli “Damas” rusumli avtotransport vositasida birlamchi veterinariya hujjatlarisiz, isteʼmol uchun yaroqsiz boʻlgan 170 kg qoramol goʻshtini sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.