Taʼkidlash joizki, Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi platformalarida jamoatchilik monitoringi hamda jamoatchilik eshituvlari muntazam tashkil etilib kelinmoqda.

Tadbirda vazirlikning faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar, ularning joylardagi ijro holatining sifati, toʻliqligi va koʻlami tahlili asosida masʼullar tomonidan hisobot taqdim etildi.

Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish jarayonlari yuzasidan batafsil axborot berildi. Xususan, Adliya vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta Farmoni, 9 ta qarori, shuningdek, ular asosida qabul qilingan Hukumatning 3 ta qarori ijrosi ahvoli oʻrganildi.

Jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali kelib tushgan 540 ta (1 ta qonun, 97 ta Farmon, 279 ta qaror, 10 ta farmoyish va 153 ta bayon) hujjatlardagi 2 ming 446 ta nazoratga olingan bandlarning 2 ming 120 tasi bajarilgani, shu jumladan, 306 ta topshiriq muddatidan kech bajarilgani, 324 tasi ijro jarayonida, 3 ta topshiriqning ijro muddati oʻtganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, ommaviy ravishda ishdan boʻshatilgan (boʻshatilayotgan) xodimlar huquqlarini himoya qilish samarali tashkil etilmaganligi, ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish ishlari qoniqarsiz ravishda tashkil etilganligi, taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash boʻyicha yetarli choralar koʻrilmagan. Shuningdek, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga uylar ajratilmasdan kelinayotganligi, shuningdek, migrantlarga ishga joylashish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash uchun mikroqarz berish tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi va boshqa shu kabi dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilardan izoh soʻraldi.

Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilarining savollariga vazirlik mutasaddi rahbarlari tomonidan javob berildi.

Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yuklatilgan topshiriqlarning ijrosini samarali taʼminlash, belgilangan maqsadlarga erishishning barcha choralarini koʻrish boʻyicha ustuvor vazifalar hamda ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik bilan faol muloqot olib borish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.