Joriy yil 10-mart kuni “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o'zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani e'lon qilinib, yurtimizning muhim xomashyosi va u asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo'yilgan global taqiq yechilgach, dunyo hamjamiyatining mamlakatimiz to'qimachilik sanoatiga qiziqishi yanada ortdi. Ko'plab xorijiy davlatlar va kompaniyalar bu borada hamkorlikka tayyor ekanligini bildirmoqda. Innoprom xalqaro sanoat ko'rgazmasida ham aynan to'qimachilik sohasidagi kelishuvlar salmog'i yuqoriligini ko'rishimiz mumkin.
Ilxom XAYDAROV,
“O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi raisi:
— Poytaxtimizda o'tgan xalqaro sanoat haftaligi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun yangi bitimlar imzolash, hamkorlik aloqalarini o'rnatishda faol platforma vazifasini bajardi. Ko'rgazmaning birinchi kuni mehmonlarni Koreya-O'zbek to'qimachilik texnoparkiga taklif etdik. U erda Rossiya Federatsiyasining Savdo va sanoat vazirligi delegatsiyasi bilan amalga oshirilgan eksport hajmlari va kelajakda kutilayotgan hamkorlik yo'nalishlari haqida so'z bordi.
Hozirgi kunda davlatlar o'rtasidagi hamkorlikda onlayn platformalarning o'rni ortib boryapti. Shu bois, “Sbermarket” va “Wildberries” kabi elektron savdo maydonchalarini ishga tushirish masalalariga alohida urg'u berildi. Bu borada zamonaviy axborot texnologiyalari savdo-sotiq aloqalarini o'rnatish, tezkor kelishuvlarga erishishni yanada faollashtiradi.
Bu masalaning bir tomoni. Asosiy e'tibor bevosita hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Joriy yilning iyun oyida poliefir paxta iplarini ishlab chiqarish bo'yicha anjuman o'tkazish va Moskva hamda Toshkent shaharlarida ikki tomonlama savdo uylarini tashkil etishni rejalashtirib oldik.
Shu bilan bir qatorda, Rossiyaning Krasnodar o'lkasi gubernatorining o'rinbosari Ruppel Aleksandr bilan muloqot chog'ida o'zbek tekstil mahsulotlari uchun hamkorlikda logistik markaz va omborxona tashkil etish, o'lkadagi mehmonxonalarga sochiq, choyshab va boshqa tekstil` mahsulotlarini yetkazib berish kabi masalalar muhokama markazimizda bo'ldi.
Shuningdek, Checheniston Respublikasi delegatsiyasi tashrifi davomida ular bilan o'z mamlakatlarida o'zbek to'qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini ishga tushirish hamda paxta etishtirish bo'yicha hamkorlik o'rnatish taklifi bilan birga, O'zbekiston to'qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarining bozorlariga kirib borishini ta'minlashda preferentsiya va imtiyozlar ishlab chiqilishi, CHechen-O'zbek qo'shma korxonasi tashkil etilishida investorlarni aniqlash bo'yicha kelishib oldik.
Qo'shni davlat Tojikiston Respublikasi So'g'd viloyatidan kelgan vakillar bilan ham qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, So'g'd viloyati Xo'jand shahrida 10 dan ortiq o'zbek ishlab chiqaruvchilariga joy ajratiladigan bo'ldi. Tojikistondagi mazkur to'qimachilik savdo nuqtalari mahalliy korxonalarimizda tayyorlangan mahsulotlar bilan to'ldiriladi. Qolaversa, Xo'jand shahrida joylashgan 40 ming kvadrat metr bino-inshootlarda investitsiya kiritish asnosida o'zbek gilamlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Boshqa davlatlar ham tarmoq istiqboliga ishonch bildirgani holda, yangi loyihalar bo'yicha qator kelishuvlar imzolandi.
Umuman, bugun jahonda tekstil` sanoati eng jadal rivojlanayotgan va talab yuqori tarmoqlardan biri sanaladi. So'nggi yillarda O'zbekiston bu borada favqulodda ildam harakatlanmoqda, desak mubolag'a bo'lmaydi. Boisi, bundan 5-6 yil oldin paxta tolasining asosiy qismini xomashyo sifatida eksport qilardik. Paxtani qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantiradigan korxonalar soni sanoqli edi. So'nggi yillarda bu jarayon tubdan o'zgardi. Paxta-to'qimachilik sohasida ishlab chiqarishning klaster tizimiga o'tilib, qulay agrobiznes muhiti yaratildi. O'zbekistonda zamonaviy jihozlar va ilg'or texnologiyalar bilan ta'minlangan yirik korxonalar ishga tushdi. Ularda paxta tolasini chuqur qayta ishlash zanjiri yaratildi. Natijada, 2016 yilda yurtimizda etishtirilgan paxta xomashyosining 37 foizi o'zimizda qayta ishlangan bo'lsa, hozirgi vaqtda bu ko'rsatkich 100 foiz quvvatga etdi. Bu orqali kalava ip yigirish 2 barobar, tayyor mahsulot ishlab chiqarish 3 barobar oshdi.
Birgina joriy yilning shu davriga qadar tarmoqda umumiy qiymati 51,6 million dollarlik 10 ta loyiha amalga oshirilib, 2600 nafar kishining bandligi ta'minlandi. O'tgan to'rt oyda 350 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, 23,6 trillion so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Dunyoning 57 davlatiga 1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Bugungi kunda milliy brendlarimiz ostida ishlab chiqarilayotgan tekstil` mahsulotlari import o'rnini bosish barobarida, jahon bozorida ham talabgir bo'lib bormoqda. Xorij davlatlari bilan engil sanoat sohasidagi hamkorligimiz shunga mos tarzda yangi bosqichga ko'tarilyapti. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko'rgazmasida bunga yana bir karra amin bo'ldik.