U 1-11-dekabr kunlari Polsha, Italiya, Fransiya va Ispaniyada boʻlib oʻtadi. Tadbir Oʻzbekiston joriy yilning aprel oyida Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomiga ega boʻlishi natijasida mamlakatimizga taqdim etilgan imtiyozlardan samarali foydalanish, shuningdek, milliy mahsulot va brendlarni Yevropaning eng yirik bozorlariga olib chiqish maqsadida tashkil etildi. Ushbu maqom Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 6 200 tovar pozitsiyasini, shu jumladan, toʻqimachilik va charm-poyabzal sanoati mahsulotlarining keng assortimentini bojsiz import qilish huquqini beradi.

Biznes-tur doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarda Oʻzbekistonning 50 dan ortiq yirik tadbirkor va eksportchilari, Yevropaning 200 dan ortiq korxonalar, ishlab chiqaruvchilar va savdo kompaniyalari ishtirok etadilar.

Tur Varshava shahri (Polsha)dan boshlandi. Bu yerda 1-3-dekabr kunlari Yevropaning eng yirik “Fast Textile” toʻqimachilik koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi va unda toʻqimachilik hamda tikuv-trikotaj tarmogʻining 44 nafar oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilari oʻz mahsulotlarini taqdim etadi.

Taʼkidlash joizki, hech qachon bir vaqtning oʻzida bu miqdordagi mahalliy korxonalar xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etmagan.

Biznes-tur doirasida navbatdagi tadbirlar Milan (Italiya) hamda Parij (Fransiya) shaharlarida tashkil etiladi. Bu yerda dunyoning eng yirik brendlari ishtirokida onlayn hamda bevosita shaklda biznes-forum va “B2B” muzokaralari boʻlib oʻtadi. Shuningdek, Oʻzbekiston toʻqimachilik va charm-poyabzal sanoatidagi soʻnggi yutuqlar, Yevropa ishlab chiqaruvchilari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari hamda yirik brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida taqdimotlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Safarning yakuniy tadbirlari Ispaniyaning Barselona hamda Valensiya sanoat shaharlarida boʻlib oʻtadi. Bu yerda ham Ispaniya yengil sanoati vakillari bilan biznes-forum va ishbilarmonlar oʻrtasidagi uchrashuvlar oʻtkaziladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Qoʻshma investitsiyaviy loyihalar va oʻzaro manfaatli savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarni nazarda tutgan holda biznes-tur Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari va tarmoq assotsiatsiyalarining xorijiy ishbilarmon doiralari bilan hamkorligini chuqurlashtirishning samarali vositasi boʻlishi kutiladi.