Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjiri rivojlantiriladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-6-son, 16.01.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, 2025–2027-yillarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

    • mahsulotlar eksportini 2025-yilda 4,0 milliard AQSH dollariga, 2026-yilda 5,0 milliard AQSH dollariga va 2027-yilda 7,0 milliard AQSH dollariga yetkazish;
    • AQSH va Yevropa davlatlari bozorlariga tayyor mahsulotlar eksportini 500 million AQSH dollariga yetkazish;
    • ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy qilish hamda xalqaro brendlarni jalb qilish orqali jami eksportda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ulushini 70 foizga yetkazish;
    • ip-kalavani chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish maqsadida 5,0 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilish.

    Toʻqimachilik tarmogʻida qayta ishlashni chuqurlashtirish uchun qulay moliyaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida belgilangan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.

    Mahalliy mahsulot va brendlarni xalqaro “marketpleys”larda targʻib qilish, joylashtirish va reklama qilish boʻyicha «Made in Uzbekistan» dasturi amalga oshiriladi.

    “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ huzurida faktoring tashkiloti tashkil etiladi.