Farmonga koʻra, gazlama, trikotaj mato ishlab chiqarish va boʻyash hajmini oshirish uchun infratuzilmaviy va moliyaviy shart-sharoitlar yaratish orqali ip-kalavani qayta ishlash darajasi 2027-yil yakunigacha bosqichma-bosqich 100 foizga olib chiqiladi.
Respublikani “toʻqimachilik xabi”ga aylantirish va kamida xalqaro darajada tan olingan 10 ta mahalliy brendlarni yaratish ustidagi ishlar manzilli tashkil etiladi.
2026-yil 1-yanvargacha toʻqimachilik sanoat zonalari direksiyalari va ularda tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.
Farmonga muvofiq, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan roʻyxat boʻyicha import qilinadigan xomashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar 2027-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi.
2024-yil 1-maydan 2026-yil 1-maygacha “A” va undan yuqori toifadagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj yoʻnalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno), shuningdek, QQS summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi.
2024-yil 1-maydan “A” va undan yuqori toifadagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj yoʻnalishidagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olgan holda uning 70 foizi miqdorida ajratiladigan kreditlar uchun banklarga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan mablagʻ taqdim qilish tizimi joriy qilinadi.
Toshkent shahrida va bosqichma-bosqich hudud markazlaridagi yirik savdo komplekslarida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” (Made in Uzbekistan) brendi ostida milliy mahsulotlar doʻkonlari tashkil qilinadi.