Yigʻilishda viloyat prokurori S. Turdiyev, viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari, viloyat boshqarmalari, tijorat banklari, tuman sektorlari va aloqador tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Prezident qaroridagi 22 ta hamda qoʻshimcha shakllantirilayotgan 25 ta loyiha tashabbuskorlari bilan suxbatlashdi. Ular duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun masʼullarga muddat belgilanib, qatʼiy topshiriqlar berildi.

- Tuman markazidan qariyb 90 km uzoqlikda istiqomat qilayotgan bobotogʻliklar ham yaxshi turmush sharoitlarda yashashga haqli - dedi viloyat rahbari. - Buning uchun Prezidentimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Bu yerda tadbirkorlar yoʻliga tusiq boʻlayotgan muammolarga yechim izlamay, vazifasini talab darajasida bajarmagan har qanday rahbarni ishlashga haqqi yoʻq.

Viloyat hokimi masʼullarga loyihalarni qayta oʻrganish va yer maydoni hamda garov taʼminoti mavjud istiqbolli loyihalarni dasturga qushimcha kiritish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatma berdi.

Maʼlumot uchun, Bobotogʻ massivida 16 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Prezident qarori asosida “Bobotogʻ” mahallasida 100 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti zamonaviy usulda sendvich panellaridan qurilib, foydalanishga topshirildi va “Yangiobod” mahallasida 120 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti binolarini qurish ishlari yakunlanmoqda.

Shuningdek, hududda jami 9 ta umumtaʼlim maktabi mavjud boʻlib, 4 ta muassasaning har biriga 210 oʻrinli, 1 tasida 320 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binolari, 2 tasida sport zallari qurildi.

Azimbek Samadov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri