Namangan viloyatining To'raqo'rg'on tumanida joriy mavsumda 10 ming tonna gilos yetishtirildi. Uning teng yarmi eksportga yo'naltirildi.
Xitoy gilos bozori o'rtacha import hajmi 1,4 milliard AQSH dollariga teng bo'lgan dunyodagi eng katta bozordir. So'nggi ikki yilda uning o'rtacha o'sishi 12,4 foizni tashkil qildi.
Bundan tashqari Namangan giloslari Germaniya, Rossiya, Qozog'iston, Koreya, Ozarbayjon, BAA, Turkiya davlatlariga sotildi.
— O'ttiz sotixli bog'imizda yetmish tup gilos bor, uch tonna hosil oldik. Xirmonni cho'g'i baland. To'raqo'rg'onni, ayniqsa Qodirobod, Axsi, Buramatutni yerlari gilosbop. Azaldan gilos yetishtirib kelamiz, — deydi mehnat faxriysi Samixon Mirzaev.
To'raqo'rg'onda Samixon ota kabi bog' egalari minglab topiladi. Ayni kunlarda tumanda markazlashgan holda 50 dan ortiq shahobchalar orqali aholi tomorqalarida va bog'larda yetishtirilgan meva qabuli qizg'in pallaga kirdi, deya xabar bermoqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati.