Toʻraqoʻrgʻonlik fuqarolarga payvandlash uskunasi olib berildi

    “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati boʻlimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan xayriya tadbirlari koʻplab oilalarni qoʻshimcha daromad manbai bilan taʻminladi.

    Ularda aholiga nafaqat oziq-ovqat va maishiy texnika vositalari, balki tikuv mashinalari va payvandlash uskunalari ham olib berildi.

    — Yoshligimdan payvandlash ishlariga qiziqishim baland edi, — deydi Toʻraqoʻrgʻon tumani, “Zarbdor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Toʻlqin Ergashev. — Kasb-hunar kollejini ham shu yoʻnalishda tamomlaganman. Undan keyin payvandlash ustasiga shogird tushdim. Anchadan buyon oʻzim mustaqil ish boshlashni reja qilib yurgandim. Bugun menga berilgan payvandlash uskunasi ana shu orzuimni amalga oshirish imkonini yaratmoqda.

    Turaqoʻrgʻon tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan xayriya tadbirlari davomida tumandagi yana 5 nafar ishsiz yurgan fuqaroga payvandlash uskunalari, 3 nafar ayolga esa zamonaviy tikuv mashinalari, 2 nafar fuqaroga chorva mollari olib berildi. Tumanda tashkil etilgan mazkur xayriya tadbiri doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan jami 44 million soʻm mablagʻ sarflandi.