Uchrashuvda transport, tranzit va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Jao Lun janoblari Futszyan viloyati oʻzining yangi energiya, neft-kimyo, elektron axborot, raqamli iqtisodiyot kabi sohalardagi sanoat ustunliklarini toʻlaqonli ishga solgan holda Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya va ilmiy-texnikaviy innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro yuk tashuvlarida ijobiy dinamika kuzatilayotganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. Xususan, Xitoy bilan xalqaro yuk tashish hajmi 2024-yil yakuniga koʻra tarixiy daraja 6,0 mln tonnaga yetgan.

Shuningdek, “Toshkent – Fuchjou“ yoʻnalishida blok poyezdi qatnovining yoʻlga qoʻyilishi “Bir kamar – bir yoʻl“ tashabbusini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun yangi imkoniyat ochishi qayd etib oʻtildi.

Shundan soʻng “Toshkent – Fuchjou“ yoʻnalishda birinchi blok poyezdini joʻnatishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Ushbu yoʻnalish Markaziy Osiyodan Xitoyning janubi-sharqiy sohiligacha boʻlgan hududlar va dengiz yoʻnalishini bogʻlaydi. U quruqlikdagi Ipak yoʻli bilan dengizdagi Ipak yoʻlini oʻzaro uygʻunlashtiruvchi ikki tomonlama aloqa tarmogʻini vujudga keltirishi bilan ahamiyatlidir.