Shu yilning 26-yanvar kuni Riga shahri Xalqaro aeroportida “Fly Khiva” oʻzbek aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Riga yoʻnalishi boʻyicha yuk tashuvchi aviareyslarni yoʻlga qoʻyishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Tadbir doirasida “Fly Khiva” aviakompaniyasining Latviya poytaxtiga ilk yuk havo kemasini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi.
Unda Latviya transport vaziri oʻrinbosari Andulis Jidkovs, Riga xalqaro aeroporti direktori Laila Odinya, Pochta xizmati direktori oʻrinbosari Girts Rudzins hamda Bojxona xizmati rahbari Raimonds Zukus ishtirok etdi.
2024-yilning may oyida Oʻzbekiston Elchixonasi koʻmagida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmini oshirish maqsadida “Fly Khiva” aviakompaniyasi bosh direktori Dilshod Xoʻjayev boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga tashrifi tashkil etilgan boʻlib, aynan shu tashrif doirasida yuk havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan edi.
Latviya tomonining taʼkidlashicha, yangi aviayoʻnalishning ochilishi Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
Latviya transport vaziri oʻrinbosari A.Jidkovs Toshkent va Riga oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri yuk aviaqatnovlari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim logistika markazi sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlashini taʼkidladi.
Maʼlum qilinishicha, “Fly Khiva” aviakompaniyasi Toshkent – Riga yoʻnalishi boʻyicha yuk reyslarini haftasiga bir marta amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Tashilayotgan yuklarning asosiy qismini Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga moʻljallangan eksport mahsulotlari, pochta va tijorat joʻnatmalari hamda Xitoyning “TEMU”, “AliExpress” kabi xalqaro elektron savdo platformalari orqali berilgan buyurtmalar tashkil etadi.