Bugungi kunda “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Salar – Chirchiq – Xojikent temir yo‘l uchastkasida temir yo‘l izlarini mukammal ta’mirlash (reabilitasiya) ishlari ikki bosqichda olib borilmoqda. Birinchi bosqich, Salar – Chirchiq qismida bo‘lib o‘tadi. Hozirda, ushbu temir yo‘l qismining 11 kilometrlik uchastkada kapital ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ikkinchi bosqichda, Chirchiq – Xojikent uchastkasini qamrab oldi. Unda, 17 kilometrlik inventar relslarni uloqqsiz relslarga almashtirish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joiz, kapital ta’mirlash loyihasi doirasida inventar relslarni uloqsiz relslarga almashtirish, stansiya va peregonlarda o‘rta ta’mir ishlarini, temir yo‘l kesishmalarining qatnov qismlarida ko‘tarma ta’mir kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, stansiyalarning asosiy yo‘llaridagi strelkali o‘tkazgichlarni va temir-beton bruslar bruslar bilan birgalikda almashtirilmoqda, ko‘priklarda mukammal ta’mirlash ishlarini hamda suv o‘tkazish sun’iy inshootlarini almashtirish kabi ishlar ham olib borilmoqda. Shuningdek, yo'l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida bir nechta qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasini qo‘riqlanadigan kesishma toifasiga o‘tkazildi. Bundan tashqari, stantsiyalarda va peregonlardagi temir yo‘llarini o‘rta darajada ta'mirlash ishlari olib boriladi.
Yuqori samaraga ega maxsus mashinalar va resurslarni tejaydigan texnologiyalardan keng foydalanish temir yo‘llarning texnik darajasini va ishonchliligini oshiradi hamda yo‘l holatining barqarorligini ta'minlaydi. Shu maqsadda, infratuzilmani yangilash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ yangi texnologiyalardan foydalanmoqda. Xususan, temir yo‘llarni tekislash va to‘g‘rilashni amalga oshiradigan DUOMATIC 08-32 rusumli mashinasi qo‘llanilmoqda (Avstriya).
Umuman olganda, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ning Yoʻl xoʻjaligi ishchi-xodimlari yil davomida tinimsiz ishlaydi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Barcha ishlar tasdiqlangan jadvalga muvofiq hamda yoʻl ishlariga toʻliq tayyorgarlik koʻrish bilan birga amalga oshiriladi, deya xabar bermoqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning rasmiy Telegram-kanali.