Toshkentda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining navbatdagi Kongressi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Maʼlum qilganimizdek, unda hamyurtimiz Alisher Usmonov yana bir bor ushbu tashkilot rahbari etib saylandi.
Tadbir davomida yana bir qator eʼtiborli jarayonlar ham boʻlib oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi Bosh kotibi Gulnora Saidova Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari orasidan joy oldi.
Yana bir ahamiyatli jihati, poytaxtimiz 2027-yil kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatini qabul qiladigan boʻldi. Rejaga koʻra, musobaqa 20-28-iyul kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, tadbirda yil yakunlariga bagʻishlangan taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi. Unda yoshlar oʻrtasida jahon reytingini peshqadam sifatida yakunlagan sablyachimiz Fernanda Errera ham mukofotlandi.