Taʼkidlanishinicha, mazkur hududlarni kompaniya ixtiyoriga oʻtkazish davlat rahbarining 2021-yil 30-apreldagi “Fuqarolik aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan.
“Ushbu hududlarning oʻtkazilishi avtoturargohlarni avtomatlashtirish, aerovokzal oldidagi hududlarni qaytadan qulay loyihalashtirish, yoʻlovchilarni kutib oluvchilar va kuzatuvchilar uchun koʻproq qulayliklar yaratish hamda oʻz yechimini kutayotgan taksi xizmati bilan bogʻliq muammolarni hal qilish imkonini beradi. Avtoturargohlarda toʻxtash joyi uchun toʻlovni inson omilisiz amalga oshirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, kompaniya avtoturargohlarning joylashuvi va ulardan foydalanish davomiyligini (soat, sutka) hisobga olgan holda moslashuvchan tarif tizimini ishlab chiqmoqda”, deydi “Oʻzbekiston aeroportlari” boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva.
Keyinchalik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan avtoturargohlarni baholash va aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushini oshirish boʻyicha tegishli buyruq qabul qilinadi. Shundan soʻng tegishli tartibda yagona aksiyador — Moliya vazirligi tomonidan davlat kompaniyaning ulushini oshirish va avtoturargohlar qiymatini ustav kapitaliga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.