Toshkent aeroportida avtomobillarni ijaraga olish nuqtasi ochildi

    Toshkentga yetib kelgan yoʻlovchilar endi toʻgʻridan-toʻgʻri aeroportda avtomashinani ijaraga olish imkoniyatiga ega boʻldi — “Europcar” brendi ostidagi avtomobillarni ijaraga berish kompaniyasi 20-maydan ish boshladi.

    Maydoni 8 kv.m boʻlgan joy E-auksion.uz elektron platformasida savdoga qoʻyilgan edi. Xizmat Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalidan chiqishda joylashgan.

    Avtomobilni ijaraga olish uchun poytaxt aeroportiga kelgan yoʻlovchi “Europcar” peshtaxtasiga borib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi kerak. Shundan soʻng, Europcar.com, Expedia.com, EconomyBookings.com onlayn platformalaridan biri orqali avtomobilni tanlashi, shartnoma tuzishi va depozit yoki ijara haqini toʻliq toʻlashi lozim.

    Roʻyxatdan oʻtish tugallangandan soʻng, yoʻlovchiga avtomobil kaliti beriladi va mashina oldiga kuzatib qoʻyiladi.

    Kompaniya parkida yoʻlovchi mahalliy yoki xorijiy ishlab chiqaruvchi avtomobilini, shuningdek, elektromobil yoki benzinda ishlaydigan avtomobilni tanlashi mumkin. Taʼkidlash joizki, ishlab chiqarilgan yili toʻrt yildan, yurgan masofasi 80 ming km dan oshmaydigan avtomobillar ijaraga beriladi. Avtomobil ushbu koʻrsatkichlardan biriga yetgandan soʻng, mashina tizimdan chiqariladi.

    “Europcar” — 1949-yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Parijda joylashgan avtomobil ijarasi kompaniyasi. Fransiyaning “Eurazeo” investitsion kompaniyasiga tegishli boʻlib, uning parkida 150 ta mamlakatda 250 mingdan ortiq avtomobil va 3 mingga yaqin ijara punktlari mavjud.