Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, xorijdan Oʻzbekistonga kirib kelgan yoʻlovchilardan birining bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortgan. Unga tegishli bagaj belgilangan nazorat-rentgen uskunasi orqali koʻzdan kechirilganda sharbat tayyorlash qurilmasining tasviri ekranda shubhali aks etgan.

Qurilmaning tag qismi maxsus uskuna yordamida ochib koʻrilganida uning ichiga jami 799 gramm ogʻirlikdagi qiymati 320 million soʻmlik qimmatbaho tilla taqinchoqlar yashirilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, boshqa bir shaxs choʻntagidagi 1 dona tilla soatni bojxona nazoratiga taqdim qilmay olib chiqayotgan vaqtida toʻxtatib qolingan. Soatning ichiga 1 dona tilla quyma boʻlagi ham yashirilgan boʻlgan. Soat va tilla quymaning umumiy ogʻirligi 133.4 gramni, qiymati esa 25 million soʻmni tashkil qilgan.