Toshkent-Andijon pulli avtomobil yoʻli 6 yilda qurib bitkaziladi

    Transport vaziri oʻrinbosari Jasur Choriyev Toshkent-Andijon pulli avtomobil yoʻli qurilishi vaqti 6 yil 3 oyni tashkil etishini maʼlum qildi. Loyihaga koʻra, yoʻlda 10 ta tunnel boʻladi.

    Transport vaziri oʻrinbosari Jasur Choriyev Toshkent-Andijon pulli avtomobil yoʻli boʻyicha Jahon banki bilan ishlab chiqilgan loyihaning asosiy jihatlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi, deya xabar qilmoqda Gazeta.uz.

    Vazir oʻrinbosari bergan maʼlumotlarga koʻra, yoʻlning 64 foizi yangi qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uzunligi 314 kilometr boʻlgan Ia kategoriyasidagi yoʻl 6 qatordan iborat boʻladi. Yoʻlning qurilish muddati 6-yil 3 oyni tashkil etadi.

    Jarayon uch bosqichdan iborat boʻladi: birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) qismlari quriladi. Yoʻl sement-beton qoplamali boʻladi.

    Pulli yoʻlda jami 102 ta sunʼiy tuzilma qurilishi kutilmoqda. Undagi yoʻl oʻtkazgichlarning jami uzunligi 1122 metrga yetadi. Yoʻlda jami 10 ta tunnel boʻlishi va ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel 6787 metrni tashkil etadi.

    Mazkur yoʻl qurilishi Toshkentdan Andijonga safar qilish vaqtini hozirgidan 2 soat 14 daqiqaga kamaytirish imkonini beradi. Loyiha qiymati 4,28 mlrd (2023 nominal narxida) dollarni tashkil etadi. Mazkur yoʻl qurilishi boʻyicha davlat-xususiy sherikchilik kelishuvi 49-yil muddatga amal qiladi.