Anomal ob-havo sharoiti tufayli Angren-Pop dovoni transport vositalari harakati uchun yopilgan. Shu sababli “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va FVV tomonidan Toshkent va Andijon shaharlari oʻrtasida qoʻshimcha temir yoʻl qatnovi tashkil etildi, deya xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ axborot xizmati.
732-sonli “Toshkent-Andijon-Toshkent” poyezdi Koʻl, Temiryoʻlobod, Qoʻn va Qoʻshminor bekatlarida rejadan tashqari toʻxtaydi.
Shuningdek, Ohangaron, Angren, Koʻl, Orzu, Chodak, Temiryoʻlobod, Qoʻn, Qoʻshminor, Pop bekatlarida toʻxtab, soʻngra Qoʻqonga yoʻl oladigan qoʻshimcha “Toshkent-Andijon-Toshkent” yoʻnalishi joriy etilmoqda.
Shuningdek, muntazam jadval boʻyicha harakatlanuvchi barcha poyezdlar ham yoʻlovchilarni chiqishi va tushirishi maqsadida yuqoridagi bekatlarda toʻxtaydi.