Tadbir Oʻzbekistonda Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan buyon nishonlanayotgan Yoshlar kuni va bundan tashqari 2021-yil Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston yoshlar va talabalar forumi doirasidagi tadbirlar Toshkent botanika bogʻida, ikki kun davomida barcha sanitariya talablariga rioya qilgan holda 29 va 30-iyun kunlari boʻlib oʻtadi..

Forumning asosiy maqsadi – tashabbuskor va isteʼdodli yoshlarni aniqlash, ularga oʻz qobiliyat va koʻnikmalarini namoyon etish, yosh avlodning ilm-fan, sanʼat, madaniyat va sportga boʻlgan qiziqishini oshirish, talabalar va bitiruvchilarga jamiyatda munosib oʻrinlarini topishga yordam berishdan iborat.

Tadbirga butun mamlakatdan 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 7 mingga yaqin yoshlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. 29-iyundagi Forumda qatnashish uchun roʻyxatdan oʻtish @Yoshlar_forumi_bot telegram-boti orqali amalga oshiriladi.

Forumda bir qator tadbirlarni tashkil qilish koʻzda tutilgan. Jumladan, maxsus pavilyonlarda yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishini tashkil etish, ularning iqtidori va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga yoʻnaltirilgan “Tafakkur sinovlari” intellektual tadbir va tanlovlari oʻtkaziladi.

“Nima? Qayerda? Qachon?”, “Mnemonika”, “Mental arifmetika”, “Shaxmat”, “Kubik-Rubik” intellektual tanlovlari boʻlib oʻtadi.

Aniq fanlarni chuqur biladigan, xotirasi kuchli yoshlar oʻrtasida sunʼiy intellekt sohasidagi musobaqalar, yosh olimlar, marketologlar bilan uchrashuvlar, “Marketing.uz”, “Design Club Uzbekistan”, “Modul 5”, “Biznesga Qadam” va shu kabi istiqbolli loyihalar taqdimotlari oʻtkaziladi.

Maxsus maydonlarda mahorat darslari, ilm-fan, sport va tadbirkorlik sohasida yuqori natijalarga erishgan, yosh avlodga oʻrnak boʻlib kelayotgan insonlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinadi.

“Yashil tashabbus” kampaniyasida yoshlar atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarda qatnashadilar va aksiyani butun respublika boʻylab targʻib qilishga harakat qiladilar.

Forum doirasida Yoshlar simfonik orkestri konserti ham tashkillashtiriladi.

Forum doirasidagi tadbir va tanlovlar Toshkent shahar hokimiyati, Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, AKT vazirligi, AOKA, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, Fanlar akademiyasi, EOAVMA, MTRK va boshqa tashkilotlar koʻmagida tashkil qilinadi.

Oʻzbekiston Yoshlar va talabalar forum yakunida taniqli estrada xonandalari, DJlar va shou-biznes vakillari ishtirokida katta gala-konsert boʻlib oʻtadi.

Forum doirasidagi barcha tadbirlar ochiq havoda, karantin meʼyorlariga rioya qilgan holda oʻtkaziladi.

29-iyun – tadbirga @Yoshlar_forumi_bot orqali roʻyxatdan oʻtganlar kiritiladi, 30-iyun – taklifnoma asosida kiriladi.