Qarorga muvofiq, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab quyidagilar joriy etiladi:
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi OTMlarga sohada 5 yillik stajga ega boʻlgan xodimlarni tavsiyanoma asosida oʻqishga tavsiya etilganda oʻqish muddatini sirtqi taʼlim shaklida 4 yil etib belgilash hamda toʻlov-kontrakt miqdorini kunduzgi taʼlim yoʻnalishidagi toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish;
- tajriba-sinov tariqasida, Toshkent davlat agrar universitetida bakalavriat yoʻnalishlarining sirtqi taʼlim shakli boʻyicha masofaviy taʼlim olish tizimini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish;
- xorijiy fuqarolar uchun toʻlov-kontrakt miqdorini, istisno tariqasida, ikki barobarga kamaytirish;
- bakalavriat yoʻnalishida kasbiy taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish.
Shuningdek, qaror bilan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi “Agroinnovatsiya” DUK va Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “Gʻoʻza urugʻchiligi markazi” negizida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tashkil etildi.
Sohaga yangi ilmiy va innovatsion yutuqlarni, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) strategiyasini amalga oshirish Milliy markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.








