Har tomonlama yetuk va raqobatbardosh shifokorlarni tayyorlash, amaliyotga qaratilgan oʻquv jarayonini zamonaviy fantom, simulyatorlar va laboratoriyalar bilan jihozlash orqali tibbiy oliy taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Toshkent davlat stomatologiya institutida zamonaviy innovatsion simulyatsiya markazi ochildi.

Markazning ochilish marosimida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov, Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqarma boshligʻi Oʻ.Ismoilov, institut rektori Nodir Haydarov ishtirok etdi.

A.Toshqulov Toshkent davlat stomatologiya institutida zamonaviy talablarga mos, sohaning ilgʻor texnologiyalarini puxta egallagan, yuqori malakali tibbiyot xodimlari va ilmiy mutaxassislarni tayyorlash borasidagi ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Institut simulyatsiya markazini tashkil etishda Rossiya, Belarus Respublikasi, AQSH, Janubiy Koreyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari va oʻquv markazlari tajribasiga tayanildi.

Simulyatsiya markazida Fransiyadan keltirilgan “Virteasy Dental” 3D simulyatorlari, Angliyaning oʻquv mikroskoplari, Rossiyaning “Pirogov” anatomik interaktiv stoli, Italiyaning talabalar uchun eng oxirgi modeldagi stomatologik fantomlari oʻrnatilgan. Shu bilan birga, virtual kutubxona xam talabalarga xizmat koʻrsatadi.

Bularning barchasi mashgʻulotlarni zamon talabi asosida tashkil qilish, talabalarmizga yangicha yondashuv asosida bilim berish uchun xizmat qiladi.