Tadbirda Osiyo taraqqiyot banki vakillari, universitet olim va oʻqituvchilari, “UzAssystem” LLC qoʻshma korxonasi xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Jamiyat boshqaruv raisi oʻrinbosari Jahongir Obidjonov tadbirni kirish soʻzi bilan ochar ekan, mazkur memorandum tashkil etilayotgan oʻquv markazida yangi texnologiyalar va innovatsion oʻquv metodikalarini joriy etish orqali soha kadrlarini tayyorlashga keng yoʻl ochishi haqida toʻxtalib oʻtdi.

— Anglashuv memorandumini imzolashdan koʻzlangan asosiy maqsad elektr energetika tizimida malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishdan iboratdir. Bugungi kunda sohada joriy etilayotgan texnologiyalar bilan “tillasha” oladigan yosh avlodni tarbiyalashda mazkur anglashuv memorandumida nazarda tutilgan vazifalar muhim rol oʻynaydi, – deydi J. Obidjonov. – Maʼlumki, soʻnggi yillarda boshqa sohalarda boʻlgani kabi, energetika sohasida elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlashda bir qator yangi zamonaviy texnologiyalar joriy etildi. Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarkibidagi korxonalarda ham bu kabi ishlar tizimli amalga oshirilyapti. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirish hamda tizimda faoliyat olib borayotgan kadrlar sifatini oshirish maqsadida, Osiyo taraqqiyot banki homiyligida Toshkent davlat texnika universiteti huzurida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ oʻquv markazi tashkil etilishiga kelishib olindi.

Taʼkidlash joizki, Markaz zamonaviy axborot va texnik qurilmalar bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan boʻlib, bu yerda talabalarga hamda tizimdagi yosh ishchi-xodimlarga elektr tarmoqlarini loyihalashtirish yoʻnalishida qoʻllanilayotgan zamonaviy dasturlarda ishlash, shu bilan birga bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisligi oʻquv rejalarini ishlab chiqarish korxonalari talablari asosida nafaqat shakllantirish, balki mazkur fanlarni talab darajasida yuqori saviyada olib borish uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.

Tadbir doirasida “UzAssystem” LLC qoʻshma korxonasi tomonidan DigSilent modellashtirish va rejalashtirish dasturiy taʼminoti taqdimoti oʻtkazildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ maʼlumotiga tayanib.