Adliya vaziri tomonidan o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish, xususan universitet faoliyatida davlat ma’muriy boshqaruvini keskin kamaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mablag‘larni jalb etish imkoniyatini kengaytirish hamda oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish dolzarbligi ta'kidlandi.
Shungingdek, vazir o‘tgan 10 yil mobaynida universitetning talabalar kontingenti taxminan 3 baravar o‘sganligi, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab universitet talabalariga ma’lum semestr mobaynida respublika yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir oliy ta'lim tashkilotiga o‘qish maqsadida borish imkoniyatlarini taqdim etuvchi yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi joriy etilganligi aytib o‘tildi.
Tadbirda universitet faoliyatiga oid muhim masalalar, xususan TDYuni strategik rivojlantirish dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha 2022/2026-yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Unda:
- universitetni xalqaro standartlar asosida akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqilligini ta’minlash;
- «Universitet — 4.0» (ta’lim – ilm-fan – tijoratlashtirish – ijtimoiy loyihalar tashabbuskori) konsepsiyasiga bosqichma-bosqich o‘tish;
- yuridik ta’lim va ilm-fanning jozibadorligini oshirish, o‘qitish va boshqaruv jarayonini to‘liq raqamlashtirish;
- milliy huquqiy qadriyatlarni dunyo ilmiy hamjamiyatiga tanitishga erishish mexanizmlari nazarda tutilgan.
Shuningdek, Kengash qarori bilan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning ish haqlari va rag‘batlantirish tizimini natijadorlikka asosan belgilash bo‘yicha nizomlar tasdiqlandi. Endi xodimlar va professor-o‘qituvchilar ish haqiga ustamalar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) natijalariga qarab belgilanishi, bu tizim to‘liq raqamlashtirilgan va shaffof tarzda amalga oshirilishi belgilandi.
Yig‘ilishda universitetning moliyaviy natijalari va biznes rejalariga oid masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.










